Tappida qolayotgan qo‘llar, qimmatlayotgan “svet”, uyida chiroqsiz o‘tiradigan “zamministr”

Intervyu

Yil davomida qishloqlarda gaz yo‘qligi, "svet" tez-tez o‘chishi, Hukumat ayollarning qo‘lini haligacha tappidan tozalay olmayotgani tanqid qilinadi. Tan olish kerakki bugungacha har yili qish fasli kelishini fojiadek qabul qiladigan odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi, afsuski.

Chiroq surunkali uzilib, odamlar televizor ko‘rolmaydigan davrlar o‘tmishda qolganiga besh yil to‘lganda Yangi O‘zbekistonda “svet” o‘chishi uyatmi? Bir necha yildan beri barqaror ushlab turilgan elektr energiya narxi oshadimi? Energetika sohasi jar yoqasiga kelib qolgan-u, hatto vazirlar ham uyida chiroqsiz o‘tiradimi? QALAMPIR.UZ'ning shu va boshqa savollariga Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev javob berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Iste’molchi sifatida bu sohadan qanchalik rozisiz?

Sherzod Xo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari: — Energetika sohasida 24 yildan buyon ishlashimni chetga surib qo‘ysak, sohadan noroziman. Oilam norozi, ota-onam, qo‘ni-qo‘shnim mahalladoshlarim norozi. Norozilikni tushunarsiz deb baholamayman. Ko‘rsatayotgan xizmatlarimizni sifati shunday-ki, rozi bo‘lish qiyin. 

F.N.: — Va siz buni tan olasiz?

Sh.X.: — Tan olaman

F.N.: — 2016-2017 yillarda energetika sohasidagi muammolar tanqid qilindi. 25 yil GESlar qurilmagani, borlariga ham investitsiya kiritilmagani, sovet davridan qolgan texnika bilan ishlanishi ko‘p gapirildi. O‘tgan 25 yilni tanqid qilishga o‘rganib ham qoldik. 5 yilda-chi aniq nima ish qilindi? Bu bir davlatni bo‘lmasa-da bir sohani o‘zgartirish uchun yetarli davr.

Sh.X.: — To‘g‘ri. 1991 yildan bo‘yog‘iga Respublikada energetika sohasida tarmoqlarni rivojlantirish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga sarflangan mablag‘ni chetga surib qarasak, aynan mana shu besh yilda deyarli 80 foiz ish bajarildi. 20 foizi avvalgi 25 yilda bo‘lgan. Yana bir ahamiyatli narsa, davlat monopoliyasini buzib, sohaga xususiy sektorni olib kelish mumkinligiga ishonch hosil bo‘ldi. Oldinlari bu haqda o‘ylab ko‘rmagan edik. Ya’ni bu aql bovar qilmaydigan, davlat manfaatlariga zid narsadek ko‘rinardi. Oxirgi uch yilda sohaga xususiy investitsiyalar kirib kelishni boshladi.

F.N.: — Elektr energiyasini yetkazib berishda tarif siyosatidan qisman voz kechib, narx siyosatini yuritishga va bozor qoidalariga mos qonunlarni ishlab chiqishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda degan edingiz. Tarif va narx siyosatidagi aniq farqlarni tushuntirib bering.

Sh.X.: — Tarif siyosati – sohadagi narx-navoni birmuncha yuqoriroq yoki kuchliroq saviyada tartibga solinishi. Narx siyosati bu – davlatni aralashuvini minimallashtirish. Buni salbiy va ijobiy tomonlari ham bor. Resurslar tanqisligi yuzaga kelayotgan bir vaqtda yoki hududlar bo‘yicha resurslarni yetkazib berish imkoniyati har xil bo‘lgan vaqtda tarif siyosatidan voz kechib, narx siyosatiga o‘tish, albatta, ayrim hududlarda noroziliklarni keltirib chiqaradi. Chunki narx keskin ko‘tarilib ketadi. Narx deganda bu – sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi anglashuv. Xaridor har doim ham narxni adolatli deb hisoblamasligi, rozi bo‘lmasligi mumkin. Lekin, energoresurslar ta’minotida raqobat chegaralanganligi tufayli noroziliklar bo‘lgan taqdirda ham boshqa mahsulotlardan farqli o‘laroq o‘zga bir manbalardan olishning ham imkoniyati yo‘q.

Tarif siyosati birinchidan iste’molchini tanqislik yuzaga kelganda iste’molchilar o‘rtasida kim oshdi savdosi boshlanishidan himoya qiladi. Puli bor odam ikki barobar to‘lab xohlaganicha resurs oladi-yu puli yoki moliyaviy imkoniyati chegaralangan odam resurslardan butkul mahrum bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ikkinchidan bozorga yangi kirib kelayotgan ayrim sub’ektlar uchun hisob-kitob qilish imkonini beradi. Chunki davlatning tarif siyosati bozordagi raqobatni yoki avvalgi ishtirokchilarni   o‘zaro til biriktirib yangi ishtirokchini kiritmaslik uchun narxlarni denpik qilib, uning jozibasini to‘liq yopib turishlaridan biroz bo‘lsa ham himoyalaydi. Har ikkala yo‘nalishning ham o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor.

F.N.: — Elektr energiyasining narxi bir necha yildan buyon deyarli bir xil ushlab turilishida Davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarning o‘rni bor. Energetikada subsidiya nima? Davlat bu maqsadda yiliga qancha mablag‘ ajratyapti.

Sh.X.: — Elektr energiyasi uchun narxlar oxirgi marta 2019 yil avgust oyida tasdiqlangan. Tariflarda qariyb uch yildan beri o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Subsidiya aslida nima? Mana elektr energiyasini ishlab chiqarishda IESlarimizning asosiy yoqilg‘i turi bu – tabiiy gaz. Tabiiy gazni arzonlashtirilgan narxda yetkazib berish davlatning boshqa bir kompaniyasi tomonidan subsidiyalanadi. Agar haqiqiy narxda yetkazib berganda edi, albatta, stansiyalar ishlab chiqargan elektr energiyasi narxi oshardi, yakuniy iste’molchiga yetib borishi kerak bo‘lgan narx ham oshardi. Davlat arzonlashtirilgan narxda tabiiy gaz yetkazib beryapti. Bu birinchi yo‘nalish edi. Endi ikkinchi yo‘nalish. Mana shu energetika sohasidagi kompaniyalar davlatni har qanday mamlakatda eng kuchli, eng chempion kompaniyalari hisoblanadi. Bular davlatga faqat soliq emas, dividend ham to‘lashi kerak. Chunki davlat mulkining orqasidan davlat foyda ko‘rishi kerak, faqat uning olib borgan faoliyati orqasidan emas. Lekin bu kompaniyalar hozir dividend to‘lamayapti. Chunki ko‘p holatlarda foydaga chiqqan taqdirda ham shu dividendlar davlat tomonidan kompaniyani o‘ziga qoldirilyapti. Yana bir ahamiyatli jihati IESlarimizni tashqi kreditlarni jalb qilib, shu mablag‘lar hisobidan qurganmiz. Kreditlarni qaytarish muddati kelganida moliyaviy imkoniyatlarimiz chegaralangan bir paytda bu kreditlar davlat byudjetidan qaytarilyapti. Bu ham subsidiya. Bundan tashqari ayrim holatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob raqamlariga aylanma mablag‘lari uchun juda og‘ir bir kunlarga kelib qolingan payt hisob raqamiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul mablag‘lari tushirilib, berilyapti-ki mana shundan ishchilarga oyliklar to‘lanyapti, qandaydir materiallar sotib olinyapti. Mana shularni hammasi pirovard natijada subsidiya.

F.N.: — Ko‘plab davlatlarda mayning fermalari ham ish boshlagan, ular esa juda ham ko‘p elektr sarflaydi. Biz esa hamon "svet" masalasida bosh qotirib o‘tiribmiz. Oldingi siljish bo‘larmikan? Yoki energetika sohasi jar yoqasidami?

Sh.X.: — Menimcha, jar yoqasida deyishimiz noo‘rin. Chunki jon boshiga ishlab chiqarilayotgan elektr energiya miqdori yoki elektr energiyasini yilning aksariyat qismida yetarli miqdorda yetkazib berilayotganini, muammolar mavsumiy ekanligini hisobga olsak, jar yoqasida deb aytolmaymiz.

F.N.: — Lekin bu muammolar har yili takrorlanadi.

Sh.X.: — To‘g‘ri, har yili takrorlanadi. Chunki hozirgi kundagi tizim aynan qish oylarida 100 kun talabga javob berolmayapti. Talabni qondirolmayapti. Bizni ko‘rib turgan muxlislarimiz aytishi mumkin 100 kun emas, 365 kun muammoli hududlar bor. Qaysidir hududlarda o‘chishlarni yozda ham, kuzda ham kuzatamiz. Lekin ular resurslarni chegaralanganligi tufayli bo‘ladigan rejali o‘chirishlar emas. Tarmoqlar eskirgani, avariyaviy holatlar yuz bergani tufayli bo‘lib turadi. Lekin surunkali ravishda emas.

F.N.: — Bugungi kunda qishloqlarda demaymiz, shaharda rejali o‘chirishlar bormi?

Sh.X.: — Bor! Lekin ajratilgan limit doirasida yoki rejadan ortiq ishlatib qo‘yilgani uchun emas. O‘chish bo‘layotgan kun yoki daqiqalarda energiya tizimida ishlab chiqarish quvvatlarini yetishmasligi sababli, to‘g‘rirog‘i mana shu stansiyalarga yoqilg‘i yetishmasligi sababli.

F.N.: —  Elektr ishlab chiqarish gaz yoki boshqa energiya bilan bo‘ladi. O‘zbekistonda so‘ngi yillarda yangi gaz konlari ochildi, lekin na gaz ta’minotida va na elektr energiyasi tizimida o‘zgarish yo‘q.

Sh.X.: —  Ko‘plab yangi konlar ochilyapti. Lekin bu degani eski konlar tugamayapti degani emas. Har bir yangi ochilgan kon, yangi ishlab chiqarish hajmlari eski konlarda bo‘layotgan yo‘qotishlarini qoplayapti.

F.N.: — Bugun energetika tizimi investorga qanchalik muhtoj? Sohani jozibador qilish, muammolarni to‘liq bartaraf etish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?

Sh.X.: — Elektr energetikani o‘ziga 2030 yilgacha talab etiladigan investitsiyalar miqdori 20 mlrd dollar, bu – aql bovar qilmaydigan raqam. Lekin shu mablag‘larni jalb qilsak, yetarli miqdorda ishlab chiqaramiz va zaxiramiz bo‘ladi. Chunki qish o‘ta sovuq keladigan yillar bo‘lishi mumkin. Ayrim qurilmalar qishda favqulodda avariyaviy o‘chishi mumkin, zaxiralar bo‘lishi kerak. Shu bilan birga mana shu ishlab chiqarilgan Elektr energiyasini barcha iste’molchilarga sifatli yetkazib berishimiz kerak. Ishlab chiqarishni o‘zi yetarli emas. Uyingizda chiroq yonyas-yu kuchlanish past bo‘lsa, siz baribir norozi bo‘lasiz. Tarmoqlarni modernizatsiyasiga, qurilishiga juda ham ko‘p mablag‘ sarflashimiz kerak. 

Bu raqamni bunchalik katta bo‘lishiga yana bitta sabab bor. Butun dunyo qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tyapti. Qayta tiklanuvchi energiya deganimda O‘zbekiston sharoitida gidro resurslarimiz chegaralangan. Lekin quyosh va shamol resurslarimiz ko‘p. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining yutug‘i nimada? Yoqilg‘i sarflanmaydi, qurilish nuqtai nazaridan ham unaqa qimmat emas. Lekin ularni boshqarish juda qiyin. Siz xohlagan vaqtingizda shamol esmaydi, energiyaga talab katta bo‘lgan davrda osmondagi bulutlarni tarqatib yuborish insoniyatning qo‘lida emas. Nima qilishimiz kerak? Qo‘shimcha tarmoqlar qurishimiz lozim. Oddiy bir misol keltirib o‘tay. O‘zbekistonda shamol Elektr stansiyalarining eng yuqori potensiali Qoraqalpog‘iston Respublikasida. Qoraqalpog‘istondan Toshkentgacha, Farg‘ona vodiysigacha minglab kilometr ikkita-uchta qo‘shimcha alohida tarmoq tortishimiz kerak. Mana shu qo‘shimcha tarmoqlar tortilmasa va o‘rtada qaysidir tarmoqda uzilish bo‘lsa, bu avariya holatlariga olib keladi. Ya’ni bu yerda tarmoqlarga bo‘lgan investitsiya faqat energiyani bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga yetkazib berish emas, qayerdadir uzilish bo‘lganida iste’molchi sezmasligi uchun ham. Butun dunyoda indikatorlar bor. O‘chishlar soni, davomiyligi nuqtai nazaridan ham iste’molchi rozi bo‘lishi uchun qaysidir elektr stansiya o‘chadimi, tarmoq o‘chadimi iste’molchi buni sezmasligi kerak. U parda ortida qolishi kerak. Buni qilish uchun mana shu tarmoq hozir ikkita bo‘lsa, to‘rtta bo‘lishi kerak. Elektr stansiya beshta bo‘lsa, o‘nta bo‘lishi kerak. Shundagina buni himoyalash mumkin.

F.N.: — Bizda investorlar bormi?

Sh.X.: —  Investorlarning siyosiy va iqtisodiy jihatdan mamlakatning kelajagiga ishonchlari komil. Ular O‘zbekiston bilan bog‘liq katta muammoni ko‘rmayotganini aytishadi. Ular investitsiya kiritishga tayyor. Investorlarni qiynaydigan savollar bitta –elektr energetika sohasini tartibga soladigan qonunchilik yo‘q. “Biz investitsiya kiritsak, kiritgan investitsiyamiz davlat tomonidan himoyalanishi to‘g‘risida qonun bor. Ya’ni olib qo‘yilmaydi, mulk daxlsizligi, olingan foydani tashqariga olib chiqilishi bo‘yicha qonunchilik bor. Bu ishlayapti. Lekin, biz bozorga kirganimizdan keyin mendan oldin va keyin bozorga kirganlar uchun bir xil shart-sharoit bo‘lishiga kim kafolat beradi?”, deb ko‘p investorlar savol berishadi.

Ular bizga “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinglar, bozor qoidalarini ishlab chiqib, tasdiqlab, shaffof ko‘rsatinglar. 10-20 yil davomida talablar o‘zgarmaydi. Sizdan keyingi keluvchilar uchun ham shu talablar qo‘yiladi. Biz kirishga tayyormiz”, deb ko‘p aytishadi. Investor daromad olishidan shubha qilsa, u o‘girilib ketishi mumkin. Uning o‘rniga boshqasi keladi. Lekin hammada bir xil shubha uyg‘onsa, bu nimadan dalolat beradi? Bu yerda tizimli muammo bor. Buni faqat qonunchilik bilan hal qilishimiz kerak.

F.N.: — Bu borada qanday takliflar kiritilyapti?

Sh.X.: —  Uch yil davomida Energetika vazirligida turli mamlakatlardan kelgan ekspertlar bilan hamkorlikda elektr energetikasi to‘g‘risidagi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqdik. Ochig‘ini aytaman, men hali bizning mamlakatimizda bunday katta qonunni ko‘rmaganman. Yuz varaqdan ortiq! Bu bizdagi qonunchilik normalariga zid deyolmayman. Lekin farq qiladi. Chunki u yerdagi talablar juda qat’iy, aniq, lo‘nda belgilangan. Qonun osti hujjatlarini ishlab chiqishga ehtiyoj qoldirmayapti.

Masalan energetika bozorini tartibga solish bo‘yicha regulyator tushunchasi bor. Lekin unday davlat organining o‘zi yo‘q. Bozor regulyatori deyilgan lekin qani-u? Qani bozor qonun-qoidalari? Hali yo‘q. O‘ylaymanki qisqa kunlarda regulyator tuziladi va qonun qabul qilinadi.

Bizda elektr tarmoqlari kodeksi degan texnik hujjat bor. Elektr tarmoqlariga ulanishni xohlagan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stansiya bo‘lsin, yirik sanoat korxonasi bo‘lsin, boshqa idoralar xam qabul qilingan texnik hujjatlarga amal qilishga majbur. 

Xorijiy investorlar uchun bu tushunarsiz holat. Ular “hujjatni o‘qiganimizda hamma savollarimga javob topishimiz kerak. Shu hujjatni qabul qilinglar, sizlarni qabul qilgan hujjatlaring soni ko‘pligi mayli, u yerdagi normalar shunaqa-ki, siz uch yoki besh yildan keyin oldimga kelib kechirasiz bugundan boshlab siz uchun yangi talablar qo‘yildi. Bo‘ysunishga majbursiz, deydigan imkoniyat qoldirib ketgansizlar” deyishadi. Mana shu talablar qanchalik kuchli bo‘lmasin, qat’iy bo‘lishi lozim.

Qonunchilik bilan mixlasak, bozorga kiraman degan investorlar aslida ko‘p. Chunki mamlakat siyosiy, iqtisodiy jihatdan juda ham jozibador. Energiya resurslari taqchilligi bo‘lgani uchun bozor ham aniq. Ya’ni investorning "ishlab chiqargan mahsulotimni kimga sotar ekanman", degan tashvishi bo‘lmaydi.

Oson bo‘lishi uchun internet provayderlarini misol keltirishim mumkin. Ba’zi odamlar aytishi mumkin, O‘zbekistonda internet ham havas qiladigan darajada emas. Lekin elektr ta’minotidan ko‘ra sifat, ishonchlilik, narx-navo nuqtai nazaridan ham ancha ilgarilab ketgan. Tarmoq egasi bitta: “O‘zbektelekom” Bu tashkilotning internet provayderi bor. Bundan tashqari bir nechta internet provayderi ham bor. Ular “O‘zbektelekom” bilan shartnomalar imzolashgan. Ularning tarmoqlaridan foydalangan holda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatadi. Lekin iste’molchiga ko‘rsatiladigan xizmat sifati internet provayderlari soni ko‘paygani sari yaxshilanib bormoqda. Nimaga? Birinchidan raqobat. Sizga qo‘pol muomala qilgan yoki shartnomada ko‘rsatilgan shartlarini bajarmagan provayder bilan ishlolmaysiz. Chunki siz pulini to‘lab olyapsiz. Nima qilasiz? Boshqasini tanlaysiz. Mijoz uchun kurash bo‘lganidan keyin kompaniya strategiyasiga ko‘ra o‘z ustida ishlaydi. Rivojlanishning yagona yo‘li shu. Aytishimiz mumkin tarmoqlar baribir bitta kompaniyaniki-ku. Ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifati baribir tarmoqqa bog‘liq-ku. Bu yerda boshqa savol tug‘iladi. Shikoyat qiladigan iste’molchilar ko‘p. Lekin haqiqatdan ham sudga boradigan yoki shartnoma-shartlarini buzding, mening huquqlarimni poymol qilding deb, sudga beraman degan iste’molchilar ko‘pmi? Yo‘q! Lekin mana xuddi internet sohasida “O‘zbektelekom” aybi bilan internet provayderlar mijozini yo‘qotsa, zarar ko‘rsa, mijoz sudga bermasa ham provayder aniq sudga beradi. Energetika sohasida ham xizmatda sotuvchilar soni ko‘paysa, ular, erish tuyilishi mumkin, lekin bizning davlat kompaniyalarimizni ham tartibga solishni boshlaydi. Chunki qayerdadir qo‘pol muomala qilgan bo‘lishimiz mumkin, qayerdadir byurokratiya, qayerdadir sansalorlik, qayerdadir tinchitish uchun yolg‘on... Biznes bunga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Aldashimiz mumkin lekin moddiy jihatdan keyin bizni jazolaydi. Bir marta, ikki marta jazolaydi keyin nima bo‘ladi? Baribir tartibga tushishga majbur bo‘lamiz.

F.N.: — Bir oyda bir xonadon qancha elektr energiyasi ishlatadi?

Sh.X.: — Respublikadagi aholi xonadonlarining o‘rtacha 80 foizi oylik 200 kVt/s elektr energiyasi ishlatadi. Buni kamroq yoki ko‘proq yoqadigan xonadonlar ham bor albatta. Elektrni ko‘proq yoqadigan xonadonlar ikkiga bo‘linadi: birinchisi o‘ziga to‘q, boy oilalar; ikkinchisi, bu uy sharoitida qandaydir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan odam hozirgi kunda 450 so‘mdan pul to‘layapti. Uyida tadbirkorlik faoliyatini rasmiylashtirmasdan “svet” yoqayotganlar 295 so‘mdan to‘laydi.  Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida ham adolatsizlik mavjud.

Tabaqalashtirilgan tarifga o‘tish ma’lum bir miqdorda ko‘p yoqqan odamdan ko‘proq mablag‘ undirish emas. Ayrim toifa iste’molchilar bor, uyida yoqilgan elektr energiyasini behuda sarflaydi. Xohlasangiz tejang kamroq to‘laysiz, xohlasangiz tejamang, lekin narxi balandroq bo‘ladi.

F.N.: — Isrofgarchilik holatlarida vazir yoki vazir o‘rinbosarlari odamlarga chaqiriq bilan chiqyaptimi?

Sh.X.: —  Chiqyapmiz. Lekin menimcha bu – iste’mol madaniyati. Men xalqimiz yoki iste’molchilarimiz madaniyatsiz demoqchi emasman. Faqat bizning o‘rganib qolgan madaniyatimizda bu resurslarni ko‘p ham qadri yo‘q. Eng qizig‘i, qishda yo‘qchilikdan hududlar aziyat chekadiganlar bor. Ayni o‘sha hududdagilar “svet”ni qadriga yetishadi. Men cheklovlar kiritib, hamma yoqda o‘chirib iste’mol madaniyatini shakllantirishga qarshiman. Lekin behuda sarflamaslikka o‘zimizni o‘rgatishimiz kerak.

F.N.: — O‘zbekiston hozirgi kunda mintaqaviy elektr tarmoqlari orqali qo‘shnilaridan qancha elektr toki oladi?

Sh.X.: — Markaziy Osiyo yagona energiya tizimi yaratilganiga 50 yildan oshgan bo‘lsa, O‘zbekiston bir kun ham chiqib ketmagan. 2009 yilda O‘zbekiston [yagona energiya tizimidan] chiqib ketibdi degan mish-mishlar tarqalgan edi. Yo‘q, asli unday bo‘lmagan. Yagona tizimda energiya oqimlari va tijoriy shartnomalar har doim ham bir xil emas. Misol tariqasida keltirib o‘taman. Qirg‘izistondagi eng yirik elektr stansiyalar Farg‘ona vodiysiga yaqin joyda joylashgan. Ular ishlab chiqargan elektr energiyasini bir qismini vodiy viloyatlariga yetkazib beradi. Bizdagi Toshkent issiqlik elektr stansiyamiz Qozog‘iston bilan juda ham yaqin joyda. Biz mana shu stansiyada ishlab chiqarilgan energiyaning bir qismini Qozog‘iston, Chimkentga beramiz. Qozog‘istonda stansiyalarning aksariyati shimolda. Ular ishlab chiqargan energiyani Qirg‘iziston shimoliga beradi. Energiya oqimlari bor, lekin oy yakuni bilan mana shu texnik oqimlarni tijoriy oqimlarga aylanib ketmasligi dispetcherlar tomonidan ta’minlanadi. Har bir mamlakat bir-biridan qancha elektr energiyasini olgan bo‘lsa, shuni qaytarib beradi. Hisob-kitobi qilinadi. Shu bilan birga mavsumiy tijoriy oqimlarimiz ham bor. Masalan, Turkmanistondan, Tojikistondan import qilamiz va Afg‘onistonga eksport qilamiz. Raqamlarga keladigan bo‘lsak, eksport va import hajmlari orasida tafovut bor. Biz ko‘proq import qilamiz, kamroq eksport qilamiz. Ichki ehtiyojni bir qismini import orqali qoplaymiz. Albatta, buni qandaydir tijoriy masalalari ham bor. Men buni hozir ochiqolmayman. Lekin bu o‘zaro oldi-sotdi hamma uchun manfaatli. Ya’ni kimdir majburligidan sotmaydi va majburligidan sotib olmaydi. Hammaning manfaati bor.

F.N.: — Germaniya bilan ekologiyani rivojlantirish konsepsiyasi bor. Germaniyada hozirgi kunda ko‘mir ishlab chiqarish va undan foydalanish taqiqlangan. O‘zbekiston bu konsepsiya talablarini bajara olarmikan?

Sh.X.: —  Bilasizmi, O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan bittasi 2050 yilga borib qazilma yoqilg‘idan, ya’ni qazilma yoqilg‘idan, nafaqat ko‘mir balki balki yoqilma sifatida tabiiy gazdan, neftdan foydalanmaslik rejamizda bor. Mening shaxsiy fikrim ham, mutaxassislar fikri ham shunday. Bu erishsa bo‘ladigan ko‘rsatkich. Nega? O‘sha vaqtga borib texnologiyalar shu darajada ilgarilab ketadiki quyosh, shamol va gidro resurslardan olingan elektr energiyasi barcha energiya turlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qoplashga yetarli bo‘ladi.

F.N.: — Bu uzoq yillar emasmikan?

Sh.X.: —  Yo‘q, aslida qariyb 30 yil to‘g‘risida gap ketibdi. Bir qarashda juda uzoq muddatdek tuyiladi. Lekin 30 yil avvalga qaytaylik. O‘sha yillarda Yevropa elektr energiyasini ko‘mirdan yoqardi. Mana endi to‘liq voz kechdi. Nimaga 20 yil avval voz kecholmadi. Chunki bu juda katta tizim. Hamma joyga quyosh yoki shamol stansiyasini qo‘yib mana yetarlicha ishlab chiqardik degani emas. Butun xalq xo‘jaligini shunga moslashtirish kerak, avtomobillar hammasi elektromobilga aylanishi kerak, ishlab chiqarishdagi pechlar hammasi gazidan yoki ko‘miridan voz kechib elektrga o‘tishi kerak. Juda ham ko‘plab yangi mahsulot turlari bir yerda jam bo‘lishi kerak. Bu qurilish industriyasi deysizmi, oziq ovqat deysizmi, yengil sanoat deysizmi, o‘z nomi bilan dunyoda buni elektr energetikaga o‘tish davri deb nomlandi. 

F.N.: — Hukumat rahbari Abdulla Aripov Bosh vazirlikka nomzodini ko‘rsatganda 2024 yilga borib O‘zbekiston xorijga gaz sotishni to‘xtatadi deb vada qilgandi. Bu bo‘yicha vazirlik nima deydi.

Sh.X.: —  Bilasizmi? Albatta hukumat rahbari bunday so‘zlarni aytishdan oldin yetti o‘lchab bir kesadilar. Ikkinchidan juda ko‘p eksport qilgandan ko‘ra, ichki bozorda qayta ishlash ko‘proq manfaat beradi. O‘zimizda tanqis bo‘lib turgan paytda qanday eksport qilib, manfaat ko‘rdik deb aytish mumkin. Bu yerda masalani boshqa tomoni bor. Gaz qazib chiqarish bu texnologik jarayon. Yozda ham taxminan shuncha gaz qazib chiqarasiz (sutkalik). Lekin qishda ichki bozorda ehtiyoj 3 barobar oshadi. Qishda biz eksport qilmaymiz. Yozda qazib chiqarganimizni ortiqcha qismini eksport qilishimiz mumkin.
 
F.N.: — Bir yilda energetikaga yetarli mablag‘ ajratilyaptimi?

Sh.X.: —  Juda ham javob berish qiyin bo‘lgan savol. Energetika sohasi aslida mablag‘ ajratilishi kerak bo‘lgan soha emas. Energetika sohasi o‘zi uchun mablag‘ni o‘zi topishi kerak bo‘lgan soha. Energetika sohasi davlat byudjetiga ko‘p soliq va dividendlar to‘lashi kerak bo‘lgan soha. Mana shu dividendlarni to‘lamasligimiz qandaydir bir ma’noda davlat tomonidan mablag‘ ajratilishiga tenglashtirilishi mumkin. Bugungi kunda olayotgan daromadimiz, ishlab chiqarish uchun, to‘lovlar uchun yetarli. Ammo yangi investitsiya uchun yetarli emas. Boya aytib o‘tdik, yangi kon topilibdi, eskisi tugab boryapti. Doimiy ravishda yangi kon topilmasa, eskilari tugaydi. Yangi tarmoqlar qurilmasa, bir kun kelib hammasi eskiradi-yu keyin elektr energiyasini yetkazib berolmaymiz.
 
F.N.: — Quyosh panellarini o‘rnatish tartibi, shartlari va talablari qanday?

Sh.X.: — Bu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan soha. Hech qanday qo‘shimcha to‘lov va soliqlari mavjud emas. Siz quyosh panellari o‘rnatsangiz, o‘zingiz uchun ikkita savolga javob topishingiz kerak. Birinchisi faqat o‘z ehtiyojim uchun o‘rnatamanmi yoki biznes maqsadidami? Biznesga aylantirish niyatingiz bo‘lsa hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan tegishli shartnoma rasmiylashtirishingiz kerak. Ikkinchi savol, agar quyosh panelini o‘rnatsam quyosh yo‘q paytda tokni davlatdan olamanmi yoki akkumulyator sotib olamanmi? Bunda bu biznesga aylanmaydi. Har ikki yo‘nalishda taqiq yo‘q, qo‘shimcha to‘lov va soliq yo‘q. Endi savol tug‘iladi. Nima uchun unda bu soha rivojlanib ketmayapti? Siz agar panel va akkumulyator o‘rnatsangiz bugungi kundagi narxlarda hisob-kitob qilsak, o‘n yilda o‘zini oqlaydi. Siz ishlatadigan elektr energiyangizga o‘n yil oldindan to‘lov qilib qo‘yishga tayyormisiz?

F.N.: — Elektr energiyasi narxi oshishi kutilyaptimi, narx oshsa, sifat talabga javob beradimi?

Sh.X.: —  Uch yildan beri elektr energiyasi uchun tariflar o‘zgarmadi. Men o‘ylaymanki elektr energiyasi uchun tariflarni o‘zgartirish vaqti keldi. Kamida mana shu uch yilda rasmiy inflyatsiya miqdori qanday bo‘lgan bo‘lsa, resurslarni narxini ham shunchaga oshirish vaqti keldi. Chunki u tizimda ishlaydigan odamlarning oyligi shunchaga oshirildi, tizim o‘zini-o‘zi ushlab turishi uchun xomashyo materiallariga ehtiyoj bor. Bozor narxlarida xarid qilinadi. 

Sifat masalasiga keladigan bo‘lsak. Narx oshsa, ertasi kuni sifat yaxshilanadi, desam yolg‘onchi bo‘laman. Narx oshishi albatta sifatni oshishiga olib keladi. Lekin bir zumda emas. Agar jamoat transportida yo‘lkira narxi oshsa ertasi kuni yangi avtobus kelmaydiku. Lekin siz amin bo‘lasizki mana shu avtobus har kuni keladi. Narxini oshirmasangiz ta’mirlanmagan avtobus bekatga kelmaydi.

F.N.: — Narx oshadi, odamlar ko‘nikadi ham deylik, lekin chiroq har kuni 24 soat davomida yonmaydi.

Sh.X.: —  O‘chishlar kamaydi, chunki ishlab chiqarib, sotaman degan investorlar ko‘payadi, o‘zimizni mavjud stansiyalardan ham foydalanishda ayrim muammolarimiz bor. Ba’zan shunday bo‘ladiki mablag‘ taqchilligi tufayli stansiyada ayrim ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmaydi. Shuning hisobiga nominal quvvatdan past ishlash kuzatiladi. Elektr tarmoqlarida pul ko‘payganidan keyin ta’mirlash uchun materiallar xarid qilish yoki qo‘shimcha asbob uskunalar xarid qilish mumkin.

F.N.: — Bu avvalgidek va’da bo‘lib qolmaydimi?

Sh.X.: — Besh yil avvalgi bilan bugungi kundagi o‘tish davrida farq yo‘qmi? Siz Toshkent shahridan bo‘lib bilmasligingiz mumkin, lekin chekka hududlarda yashaydiganlar, qishloqlarda yashaydiganlar hamma sezdi. O‘zgarish bo‘lmadi degan odamni hali eshitmadim. Lekin biz xohlagan o‘zgarish bo‘lmadi, bundan yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi.

F.N.: — Qaysi vazirga, rahbarga savol bermasangiz oldindagi besh yilda mana shunday ishlarni qilamiz deb aytadi. Bugun ayollar tappi yoqyapti, bugun qishloqda yashaydigan ayollar ko‘mir yoqyapti. Ayolning libosidan atir hidi emas tappi hidi anqiyapti.

Sh.X.: —  Bu achinarli holat, bunday bo‘lmasligi kerak. Mana shundan voz kechishimiz uchun bozor yaratib bermasak, investorlarga yo‘l ochib bermasak, bu 5, 10, 25 yilda ham hal bo‘lmaydi. Mevasini olishni xohlasak bog‘ni bugun yaratishimiz kerak. Bugun ko‘chat ekishimiz kerak. Balkim bu yil, keyingi yil, undan keyingi yil u meva bermas. Lekin to‘rtinchi yilga borib aniq mevasini olamiz. Lekin ekmasak, ko‘chati bor bog‘imiz ham quriydi. Keyin umuman ko‘chatsiz qolamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Elektr energiyasi narx svet

Baholaganlar

76

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing