Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordenining “Ofitser” darajasi bilan taqdirlandi. Bu haqda Italiyaning “Gazzetta Ufficiale” hukumat gazetasi rasmiy saytida e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.

Qayd etish joiz, “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni Italiyaning oliy davlat mukofoti bo‘lib, 1951 yil 3 martda ta’sis etilgan. U Italiya fuqarolari va chet elliklarni adabiyot, san’at, iqtisodiyot, xayriya, ijtimoiy va gumanitar faoliyat sohalarida millat oldidagi katta xizmatlari uchun taqdirlash uchun mo‘ljallangan.

Mukofotlash Italiya Prezidenti tomonidan Vazirlar Kengashi Raisining roziligi bilan, odatda yiliga ikki marta: 2 iyun (respublika tashkil topgan kun) va 27 dekabr (Konstitutsiya kuni) da amalga oshiriladi. Abdulaziz Komilov  2024 yil 27 dekabrdagi qarorga ko‘ra mukofotlangan.

Ma’lumot uchun, Abdulaziz Komilov 1947 yil 16 noyabrda tug‘ilgan. Hozirda u 77 yoshda. U 2012 yildan 2022 yil apreligacha O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritdi. 2022 yilning 27 aprel kuni Prezidentning tegishli farmoni bilan Komilov Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov 2023 yilda Yaponiya Imperatori Naruxito tomonidan “Chiqayotgan quyosh katta kordon” ordeni bilan,  2024 yilda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning tegishli farmoni bilan Turkmanistonning “Hurmatli el yoshullisi” (“Hormatly il ýaşulusy”) unvoni bilan mukofotlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov Italiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing