Yevropa kengashi rahbari Ukrainaga bordi
Olam
−
20 aprel 2022
7191Bugun, 20 aprel kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Ukraina poytaxti Kiyevga keldi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Bugun Kiyevda. Erkin va demokratik Yevropa qalbida”, deya izoh qoldirgan Mishel.
U postiga Kiyev vokzalidan olingan suratni ham ilova qilgan. Kiyevda uni Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi vakili Matti Maasikas va Ukraina rasmiylari kutib olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 aprel kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Kiyevga borgandi.
Shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Ukrainaning Bucha shahriga borgandi. Mazkur tashrif chog‘ida Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi tarixida birinchi marta mojaro diplomatik yo‘l bilan emas, harbiy yo‘l bilan hal etilishini istagan edi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi uch marta (28 fevral, 23 mart va 13 aprel) Ukrainaga harbiy yordam uchun 500 million yevro ajratilishini e’lon qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi