IIBB Bobur G‘aniyevning qamalishi bo‘yicha rasmiy axborot berdi (video)
Jamiyat
−
03 Oktabr 2021
21809Avvalroq, Yo‘l-patrul xizmati xodimlari faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanuvchi bloger Bobur G‘aniyev ichki ishlar organlari xodimlarini “ment” degani uchun 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi blogerning qamalishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, avtobloger Bobur G‘aniyev va uning sheriklari – Abrorbek Qo‘ziboyev (Epica haydovchisi), Obid Salimov (yo‘lovchi)ga nisbatan ochilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan Bobur G‘aniyev MJtKning 41-moddasi bilan aybli deb topilib, BHMning 20 baravari miqdorida (5,4 mln so‘m) jarimaga tortildi. Bundan tashqari, MJtKning 194-moddasi bilan BHMning 1 baravari miqdorida jarima va MJtKning 195-moddasi bilan 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi.
Uning sheriklari – Abrorbek Qo‘ziboyevga BHMning bir baravari miqdorida jarima va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi; Obid Salimovga esa 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Bloger Bobur G‘aniyevning o‘zim ham holat bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tgan. U YPX xodimi ularni to‘xtatganda jahli chiqib turgani uchun ularni haqorat qilganini va inspektorlarning qonuniy talablarini bajarmaganini ma’lum qilgan. Bloger pushaymonligini urg‘ulagan.
Toshkent shahar IIBB blogerning qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan holatning videosini ham e’lon qildi. Videoda Bobur G‘aniyev YPX xodimlari bilan qo‘pol muomalada bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Ta’kidlanishicha, Bobur G‘aniyevning qo‘l telefonidan topilgan pornografik materiallar tarqatilgani yoki tarqatilmaganligini tekshirish uchun ekspertiza tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida yerda o‘tirgani aks etgan video va suratlar tarqalgan edi. Poytaxt IIB mazkur suratlar ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlardan so‘ng, bloger bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.
Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.
Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.
Keyinroq, Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ jurnalistni Feruza Najmiddinova bilan suhbatda IIBga olib kelingan bloger Bobur G‘aniyevning yerda o‘tirgan holatda so‘roq qilinayotgani aks etgan foto va videomateriallarni tarqatgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.
Bobur G‘aniyevning jiyani Azamat Abdujabborov QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda akasining oldiga yaqinlari va advokati kiritilmayotganini aytdi. Blogerning advokati Sadriddin Abubakirov esa mijozi bilan uchrashishi kerakligini, bu qonunga zid ekanini ta’kidladi. Advokat blogerga qarshi ochilgan ish “zakaznoy” ekanini ham aytib o‘tdi.
LiveBarchasi