Samarqandda texnikum o‘quvchilari YPX xodimini haqorat qildi (video)
Jamiyat
−
15:40 1147 1 daqiqa
Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida harakatlangan texnikum o‘quvchilari yo‘l-patrul xixmati xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, uni haqorat qildi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida Ishtixon tumani ko‘chalarida harakatlanib, YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan. Shuningdek, ular xodimni haqorat qilib, uni obro‘sizlantiruvchi videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
YHXB e’lon qilgan videoda o‘quvchilardan biri avtomobilni 1,2 million so‘mga ijaraga olganini va YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmaganini aytgan. Yana bir o‘quvchi esa YPX xodimlarining talabiga bo‘ysunmay, qochib ketganini va ularni haqorat qilganini bildirgan.
O‘rganishlar davomida qoidabuzarlikni sodir etgan shaxslar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari ekani aniqlangan. Shundan so‘ng, holat o‘quvchilar tahsil olayotgan ta’lim muassasasida tanqidiy muhokama qilingan.
Holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. To‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimi bilan suhbatini videoga olib, Instagram’ga joylagan fuqaroga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi