Bloger G‘aniyevning “na koleni” videosini tarqatganlarga nisbatan tekshiruv boshlandi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2021
22448Bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida o‘tirganini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlarga olib kelingani aks etgan video va fotoni kim tomonidan tarqatib yuborilgani yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Aybdor shaxs aniqlanadi va unga chora ko‘riladi”, deydi Nilufar Isaxonova.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ fuqaro Bobur G‘aniyevning polda hamda ruhiy zo‘riqish holatida o‘tirgani bo‘yicha ham izoh so‘radi.
“Bobur G‘aniyevga nisbatan hech qanday bosim bo‘lmagan. So‘raganimizda fuqaroning o‘zi charchagani uchun yerga o‘tirganini ma’lum qildi. Bu holat bo‘yicha ham, ya’ni nega aynan yerda o‘tirgani bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Xizmat tekshiruvi doirasida bunga ham baho beriladi”, deydi Isaxonova.
Bundan tashqari, Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari fuqaroning qo‘l telefoni tekshirilgani sababini ham ma’lum qilgan.
“Bobur G‘aniyev tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikka baho berish maqsadida Ichki ishlar organlariga olib ketilgan. Blogerning Ichki ishlar xodimlarini suratga olgan videosini tekshirish jarayonida haqiqatan ham telefon apparatida pornografik ma’lumotlar borligi aniqlandi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.
Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.
Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.
LiveBarchasi