Tayinlovlarga boy hafta: kimlar “kursi”sidan ayrildiyu kimlar “ko‘tarildi”

Jamiyat

image

Yakuniga yetayotgan hafta O‘zbekistonda turli davlat tashkilotlari, hokimliklarda tayinlov va iste’folarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, qator vazirlarning o‘rinbosarlari tarkibida ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi. Quyida mamlakatda hafta davomida amalga oshirilgan tayinlov va iste’folarni eslab o‘tamiz.

Lavozimdan olinganlar

Dastlab 13 yanvar kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining birdan ikki nafar o‘rinbosari ishdan olindi.

Vazirning oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalari buyicha o‘rinbosari Saidkamol Saidkarimovich Xo‘jayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, Botirjon Abdushukurovich Sulaymonov O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori lavozimidan ozod etildi.

Uning ortidan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ro‘ziboyev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. U 2018 yilda Suv xo‘jaligi vaziriga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangandi.

Shu kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Rahimovich Salomov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. O‘ktam Salomov 2020 yilning 30 iyunida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektorligidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Uning ortidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovning o‘zi ham ishdan olindi. Hukumat a’zolaridan yana Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Saliyev Muzaffar Xoldorboyevich ham iste’foga chiqarildi.

Ishdan bo‘shatishlar shu bilan to‘xtamadi. Quyiroqda Toshkentning Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonov va Toshkent viloyatining Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov ham lavozimidan ketdi.

Lavozimga tayinlanganlar

13 yanvarda Bahrom Yusupov Qashqadaryo viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Bahrom Yusupov 1976 yil Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Yaponiyadagi Siyosiy fanlar milliy instituti va AQSHdagi Oklaxoma universitetlarini tamomlagan. 2012-2016 yillar davomida Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ham ishlagan.

14 yanvarda Abdukodir Hamidovich Toshqulov O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimiga tayinlandi. Abdukodir Toshqulov bungacha Termiz davlat universiteti rektori sifatda faoliyat yuritib kelayotgandi.

Sherzod Hidoyatov Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimiga tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Davronjon Kobiljonovich Odilov Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U Yunusobod tumanidagi “Gold Step Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga binoan, Fazliddin Karimovich Umarov Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Shu sababdan Xalilillo To‘raxo‘jayev Kadastr agentligi direktori lavozimidan ozod qilindi. Uning nomzodi Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimiga ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Toshkentning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov Transport vaziriga o‘rinbosar etib tayinlandi. U 2018 yilda poytaxt rahbarligidan ketgach, Yunusobod tumani hokimi lavozimida ishlayotgandi.

Usmonovdan bo‘shagan “kursi”ga Bektemir tumanining sobiq hokimi Jahongir Ibrohimov tayinlandi. U 2017-2020 yillarda Sirdaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2020-2021 yillarda Toshkent shahar Bektemir tumani hokimi sifatida ishlagan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimidan olingan Saliyev Muzaffar Xoldorboyevich Nurafshon shahriga hokim etib tayinlandi.

Hafta davomidagi muhim lavozimiy o‘zgarishlardan biri Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevning o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishi bo‘ldi. Uning o‘rniga senator Feruza Farhodovna Eshmatova ombudsman etib saylandi.

Sobiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov O‘zbekiston Milliy universiteti rektori etib tayinlandi. Toshqulovdan bo‘shagan TerDU rektorligi lavozimiga Avazjon Rahimovich Marahimov tayinlandi. O‘ktam Rahimovich Salomov Farg‘ona politexnika instituti rektori bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan barcha viloyatlarga yangi sud raislari tayinlandi.

Davlat rahbarining tegishli farmoyishiga ko‘ra:

O‘tkirjon Jumayev - besh yil muddatga Jizzax viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. O‘tkirjon Jumayev 1975 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Luqmon Qodirov - besh yil muddatga Buxoro viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Luqmon Qodirov 1966 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida ishlagan.

Shuhrat Kamolov - besh yil muddatga Farg‘ona viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Shuhrat Kamolov 1977 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Hamidulla Qudratov – sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga va shuning besh yil muddatga Navoiy viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Hamidulla Qudratov 1959 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudining raisi lavozimida ishlagan.

Abduqayum Mahkamov – besh yil muddatga Qashqadaryo viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Abduqayum Mahkamov 1957 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudining raisi lavozimida ishlagan.

Tal’atjon Meliboyev – besh yil muddatga Andijon viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Tal’atjon Meliboyev 1975 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida ishlagan.

Bahodir Polvanov – besh yil muddatga Xorazm viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Bahodir Polvanov 1979 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi sudyasi lavozimida ishlagan.

Abdulqosim Ro‘ziqulov – besh yil muddatga Surxondaryo viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Abdulqosim Ro‘ziqulov 1965 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudining raisi lavozimida ishlagan.

Dilshod Tojiboyev – besh yil muddatga Toshkent viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Dilshod Tojiboyev 1972 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining raisi lavozimida ishlagan.

Olim Hayitov – besh yil muddatga Samarqand viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Olim Xayitov 1969 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining raisi lavozimida ishlagan.

A’zamjon Xudoyberdiyev – besh yil muddatga Sirdaryo viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. A’zamjon Xudoyberdiyev 1977 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar Sirdaryo viloyati iqtisodiy sudining raisi lavozimida ishlagan.

Abdurasul Eranov – besh yil muddatga Namangan viloyati sudining raisi lavozimiga tayinlandi. Abdurasul Eranov 1961 yilda tug‘ilgan. Tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi lavozimida ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

iste'fo tayinlov

Baholaganlar

277

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing