Hindistonda ham fermerlar oyoqqa turdi (video)
Olam
−
13 fevral
7601Hindistonning markaziy Panjob, Xaryana va Uttar-Pradesh shtatlaridan kelgan fermerlar imtiyozlar talab qilib, hafta boshidan Nyu-Dehlida yirik norozilik yurishini o‘tkazishni boshladi. Bu haqda "Hindustan Times" xabar bermoqda.
Avvalroq namoyishchilar Hindiston hukumati vakillari bilan besh soat davom etgan va tunda yakunlangan muzokaralar natijasidan qoniqmagan. Unda respublika Qishloq xo‘jaligi hamda Sanoat va savdo vazirliklari rahbarlari Arjun Munda va Piyush Goyal ishtirok etgan. Natijada ba’zi kelishuvlarga erishilgan bo‘lsa-da, fermerlarning asosiy talabi – bo‘lajak hosil uchun minimal qo‘llab-quvvatlash narxlarini kafolatlovchi qonunni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan.
"Ikki yil oldin hukumat talablarimizning yarmini qondirishga va’da bergan edi. Biz muammoni tinch yo‘l bilan hal qilmoqchi edik, lekin hukumat samimiy emas. Ular shunchaki vaqtimizni behuda o‘tkazmoqchi", degan fermerlar vakili Sarvan Singx Pandher jurnalistlarga.
Qishloq xo‘jaligi ishchilarining harakati tufayli Nyu-Dehli politsiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. 12 fevral, dushanbadan boshlab poytaxtga kirish cheklandi, uning chegaralarida barrikadalar o‘rnatildi, traktorlar o‘tishi taqiqlandi. Cheklovlar tufayli Dehlining bir qancha tumanlarida yo‘llarda kilometrlik tirbandlik yuzaga keldi.
Politsiya buyrug‘iga ko‘ra, yonuvchan moddalar, shuningdek, qo‘lbola qurollar, g‘isht va toshlarni olib o‘tish taqiqlangan. Shuningdek, benzin qutilari va bo‘sh idishlarini olib yurish, karnaylardan foydalanish mumkin emas.
Qo‘shimcha ravishda, rasmiylar keyingi oygacha besh yoki undan ortiq odamning yig‘ilishini ham chekladi. Mobil aloqa bloklanishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, bir necha oylardan beri Yevropada davom etayotgan namoyishlar fonida nemis, fransuz, yunon va boshqa ko‘plab YeI davlatlari fermerlariga qo‘shilib, Germaniyada temiryo‘lchilar ham bosh ko‘tardi. Fransiya hukumati xavfsizlik choralarini kuchaytirishi ortidan esa fermerlar poytaxtni traktorlar bilan to‘sib qo‘ydi. Bu vaziyat o‘z navbatida mamlakatdagi oziq-ovqat inqiroziga sabab bo‘ldi, hatto ekofaollar Luvrdagi “Mona Liza” va Lion tasviriy san’at muzeyidagi fransuz impressionist rassomi Klod Monening “Bahor” kartinasiga sho‘rva uloqtirishgacha bordi. Yangi Bosh vazir Gabriel Attal esa tez orada fermerlarning muammolarini hal qilish uchun qarorlar qabul qilinishiga va’da berdi. Polshadagi norozi fermerlar esa Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen uchun dor ham o‘rnatdi.
LiveBarchasi