Tbilisidagi namoyishlarda 100 dan ortiq politsiyachi jarohatlandi

Olam

image

Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida so‘nggi kunlarda namoyishchilar harakatlari oqibatida 100 dan ortiq huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jarohatlandi, 200 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. 

“1-2 dekabr kunlari namoyishchilarning zo‘ravonlik harakatlari oqibatida 21 nafar IIV xodimi jabrlandi. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Namoyishlarda umumiy 113 nafar IIV xodimi jabrlangan, ulardan to‘rt nafari hanuz klinikada qolmoqda”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, Gruziya parlamenti oldida boshlangan va hanuz davom etayotgan namoyishlar davomida norozilar politsiyachilar tomon toshlar, shisha idishlar va temir buyumlar otgan, shuningdek, pirotexnikadan foydalangan. IIV esa namoyishchilarni norozilikni tinch yo‘l bilan bildirishga chaqirgan. 

Ma’lumot uchun, joriy yilning 28 noyabr kuni Gruziyada hukumatga qarshi namoyishlar to‘lqini boshlandi. Namoyishlar har kuni kechqurun boshlanib, tonggacha davom etmoqda va politsiya tomonidan tarqatilmoqda. Ayrim namoyishchilar huquqni muhofaza qiluvchilarga turli buyumlar otmoqda va ularga qarshi pirotexnikadan foydalanmoqda. Bunga javoban huquq-tartibot xodimlari maxsus vositalar, jumladan suv purkagichlar va qalampir gazi ishlatmoqda. 200 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olingan.

Namoyishlarga asosiy sabab Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tomonidan bildirilgan bayonot bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukumat partiyasi 2028 yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni kun tartibiga qo‘ymaslik va Yevropa Ittifoqidan keladigan barcha byudjet grantlaridan voz kechishga qaror qilgan. Hukumat rahbariga ko‘ra, bu qaror qabul qilinishiga sabab Yevropa Ittifoqi tomonidan muzokaralarni boshlash bo‘yicha doimiy bosim, parlament qabul qilgan qonunlarni bekor qilish talabi va gruzin hukumatiga qarshi sanksiyalarni joriy etish chaqiriqlari bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi markazidagi parlament binosi oldidagi namoyishda politsiya 107 kishini qo‘lga olgani va to‘qnashuvlar oqibatida o‘n nafar politsiya xodimi jarohatlangani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Tbilisi namoyish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing