Gruziyadagi namoyishlarda 400 ga yaqin odam hibsga olindi
Olam
−
09 dekabr
866Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida 28 noyabrdan beri davom etayotgan namoyishlar chog‘ida 400 dan ortiq odam hibsga olindi. Bu haqda Gruziya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Daraxvelidze brifingda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, namoyishlar doirasida 30 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, 372 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
“62 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, 100 dan ortiq shaxsga nisbatan jarima solindi. Qolganlarga nisbatan sud jarayonlari faol davom etmoqda”, degan vazir o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, namoyishlar boshlangandan, ya’ni 28 noyabrdan beri Tbilisi markazida 60 ga yaqin o‘g‘rilik ham sodir etilgan.
8 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan mitingda muxolifat tarafdorlari Tbilisidagi parlament binosiga pirotexnika vositalarini uloqtirgan. Oqibatda hududda 10 dan ortiq portlash ovozi eshitilgan.
Mahalliy OAVlarga ko‘ra, namoyish oldingilarga nisbatan tinch o‘tgan. Namoyish mahalliy vaqt bilan taxminan kechki soat 2:00 da yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati Tbilisida parlament binosi yonida davom etayotgan hukumatga qarshi namoyishlar hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish bo‘layotganidan dalolat berayotgani haqida bayonot bergandi. DXXga ko‘ra, muayyan siyosiy partiyalar va nohukumat tashkilotlar Gruziyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishdan manfaatdor. Gruziya razvedka xizmati Jinoyat kodeksining “Gruziya konstitutsiyaviy tuzumini majburan o‘zgartirish maqsadida fitna yoki isyon” moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda.
LiveBarchasi