Fransiyada yana bir tarixiy asarga sho‘rva uloqtirildi (video)
Olam
−
11 fevral
11776Kecha, 10 fevral kuni “Riposte Alimentaire“ (”Oziq-ovqat reaksiyasi“) harakatining ekologiya faollari Lion tasviriy san’at muzeyida fransuz impressionist rassomi Klod Monening “Bahor” (1872) kartinasiga sho‘rva uloqtirishdi. Bu haqda ”Progres“ mahalliy nashri ma’lum qildi.
“Shanba kuni taxminan soat 15:00 da Oziq-ovqat reaksiyasi tashkilotining ikki faoli Lion tasviriy san’at muzeyida namoyish etilgan Klod Monening ”Bahor“ kartinasiga sho‘rva sepdi”, deb yozadi nashr.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asar shaffof jism bilan qoplangan, biroq u “Mona Liza” kabi mustahkam himoyalanmagan. Ayni vaqtda zal yopilgan va rasm yaqin kunlarda mutaxassislar tomonidan rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda.
Asarga zarar yetkazgan yosh ayollar buni mamlakatdagi ekologiyaning buzilishini oldini olishga qaratilgan chora sifatida baholagan.
“Agar biz o‘z noroziligimizni bildirmasak, bu bahor bizning oxirgi bahorimiz bo‘ladi. Shunda bizning bo‘lajak rassomlarimiz nimani chizishadi? Agar bahor bo‘lmasa, biz nimani orzu qilamiz?", degan ular.
Muzey ma’muriyati esa buzg‘unchilarni sudga berishni rejalashtirmoqda. Monening asari vandallar unga qanday zarar yetkazganini aniqlash uchun ekspertizaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shu harakat a’zolari Parijdagi Luvr muzeyida mashhur rassom Leonardo Da Vinchining durdona asari “Mona Liza” (Jokonda) kartinasiga sho‘rva uloqtirgandi.
LiveBarchasi