Ekofaollar Luvrdagi “Mona Liza” portretiga sho‘rva uloqtirdi (video)
Olam
−
28 yanvar
15487Fransiya poytaxti Parijdagi Luvr muzeyida ekofaollar mashhur rassom Leonardo Da Vinchining durdona asari “Mona Liza” (Jokonda) kartinasiga sho‘rva uloqtirdi.
"Riposte Alimentaire" ("Oziq-ovqat reaksiyasi") yozuvi yozilgan futbolka kiygan ikki ayol rasmni qoplagan himoya oynani sho‘rva bilan bejagan. Keyin ular “oziq-ovqatga bo‘lgan huquq”, “Fransiya qishloq xo‘jaligi tizimi kasal” va “har uch fransuzdan biri ovqat yeyishdan bosh tortishi kerak” kabi shiorlarni ayta boshlagan.
Faollar Fransiyaning "Riposte Alimentaire" tashkiloti vakillari bo‘lib, norozilik namoyishini atrof-muhit va oziq-ovqat manbalarini himoya qilish zarurligini ta’kidlash uchun amalga oshirgan.
Guruh fermerlarni munosib daromad bilan ta’minlab, odamlarga sog‘lom oziq-ovqatdan foydalanish imkoniyatini beruvchi tizimni joriy etishga chaqirdi.
O‘z navbatida, yangi Bosh vazir Gabriel Attal kelgusi haftalarda fermerlarning muammolarini hal qilish uchun qarorlar qabul qilinishiga va’da berdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu rasm so‘nggi 20 yil ichida vandallarning bir necha bor hujumiga uchragan. 2009 yilda bir sayyoh rasmga choy uloqtirib, o‘sha paytdagi oddiy qoplama oynani sindirib tashlagan, shundan so‘ng rasm ustiga zirhli ekran o‘rnatilgan. 2022 yil may oyida zirhli oynaga tort surtilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nemis fermerlari norozilik namoyishlariga chiqqan edi.
LiveBarchasi