Nemis fermerlari norozilik namoyishlariga chiqdi
Olam
−
08 yanvar
9488Bugun, 8 yanvar kuni Germaniya dehqonlari ittifoqi (DBV) tomonidan tashkil etilgan norozilik haftaligi boshlandi. Bu haqda ”Deutsche Welle” xabar berdi.
Fermerlar hukumatning qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qisqartirishiga qarshi norozilik bildirmoqda. Umuman olganda, butun Germaniya bo‘ylab fermerlarning 100 dan ortiq norozilik namoyishlari rejalashtirilgan.
Dehqonlar ushbu chiqishlari doirasida traktorlar bilan yo‘llarni to‘sib qo‘yishni mo‘ljallayotgani sababli ko‘plab hududlarda transport muammolari kutilmoqda. DBV rahbari Yoaxim Rukvid nemis aholisini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklardan ogohlantirdi.
"Biz norozilik namoyishimizni tinch va demokratik tarzda tashkil qilmoqchimiz. Lekin biz traktorlarda sayohat qilganimizda, bu muqarrar ravishda yo‘l harakati buzilishiga olib keladi", deydi u.
Qayd etish joizki, nemis fermerlari o‘tgan yilning dekabr oyidan beri ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirmoqda. 2024 yilda byudjetni tejash doirasida fermerlar dizel yoqilg‘isi uchun chegirmalardan va soliq imtiyozlaridan mahrum bo‘lishi kerak edi. Germaniya Moliya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu chora har yili byudjetdan 480 million yevro tejashga yordam beradi.
Keyinchalik Germaniya Vazirlar Mahkamasi o‘z rejasiga tuzatish kiritdi. Imtiyozlarni to‘liq va bir vaqtning o‘zida emas, balki asta-sekin va qisman bekor qilishga qaror qilindi. Biroq DBV qishloq xo‘jaligi sektori uchun rejalashtirilgan soliq oshirilishini qabul qilmasliklarini ta’kidlash uchun o‘z noroziliklarini to‘xtatmadi.
"Bu rejalar kun tartibidan olib tashlanishi kerak. Biz o‘z fikrimizni o‘zgartirmaymiz", deb ta’kidlaydi Rukvid.
Bir necha kun oldin fermerlar paromda vitse-kansler Robert Xabekni to‘sib qo‘ydi. Siyosatchi ta’tildan qaytayotganida uni iskala oldida g‘azablangan namoyishchilar kutib oldi. Xabek o‘z vakillari bilan suhbat qurishni taklif qildi, ammo fermerlar uning taklifini rad etdi. Politsiya paromni blokdan chiqarish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
Germaniya hukumati voqeani keskin qoraladi. O‘z navbatida, Germaniya Ichki ishlar vazirligi o‘ng qanot kuchlarining fermerlarning norozilik namoyishlaridan o‘z maqsadlarida foydalanishga urinishlaridan ogohlantirdi.
LiveBarchasi