Hech qayerga yashirinolmaysiz – Zelenskiy Rossiya va Belarus harbiylariga murojaat qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina tomon raketalar uchirayotgan har bir rossiyalik askar topib, jazolanadi. Prezident Vladimir Zelenskiy an’anaviy kechki videomurojaatida aytib o‘tdi.

Zelenskiy Kiyev yana hujumga uchraganini, natijada “dunyoning ikkinchi eng yirik armiyasi bolalar bog‘chasi va ko‘p qavatli uyni mag‘lub etganini” qo‘shimcha qilgan. Turar-joy binosiga zarba berish natijasida bir kishi halok bo‘ldi, uning xotini va qizi yaralandi. Marhumning rafiqasi Rossiya fuqarosi. 

“Rossiya boshqa qarorga kelmaguncha, bizning mamlakatimizda unga hech narsa tahdid qilmayotgandi”, deydi Zelenskiy.

Prezidentning aytishicha, raketalar Nikolayev, Odessa va Cherkas viloyatlariga ham uchirilgan. 

“Raketalarning bir qismi urib tushirildi, faqat bir qismi. Bizga havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari kerak, bu haqda hamkorlarimiz bilan doim gaplashyapmiz”, deydi Zelenskiy

U Germaniyadagi sammitga yig‘ilgan G7 davlatlari rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga va butun Yevropaga bo‘lgan tajovuzini to‘xtatish imkoniyatiga ega ekanligiga ishonch bildirgan.

Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti ruschada rossiyalik harbiylar va Belarus fuqarolariga murojaat qilgan.

“Birinchidan, Ukrainaga raketalarning uchirilishini ta’minlovchi barcha uchuvchilar, dispetcherlar, texniklar va boshqa odamlar tushunishlari kerak: biz barchangizni topamiz. Barcha bu zarbalar uchun javob beradi. Agar kimdir shunday buyruq bo‘lgan, deb javobgarlikdan qutulib qolaman deb o‘ylasa, adashasiz. Sud hammangizni kutyapti. Va siz hech qayerga yashirina olmaysiz. Na raketalaringiz uchirilayotgan Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida, na Belarusda”, deydi Zelenskiy.

Uning rus tilidagi murojaatining ikkinchi qismi Belarus aholisiga qaratilgan edi.

“Bugun Belarus fuqarolariga murojaat qilmoqchiman. Fuqarolarga ham, “pogon”lilarga ham. Sizlarni urushga tortishyapti. Va hatto fevral va bahor oylarida bo‘lganidan ham faolroq. Kreml sizning o‘rningizga hamma narsani allaqachon hal qilgan – ular uchun sizning hayotingiz hech narsaga arzimaydi. Lekin siz qul yoki to‘p uchun go‘sht emassiz. Siz o‘lmasligingiz kerak. Va siz boshqalar kelgusida sizni nima kutayotganini hal qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qodirsiz”, degan Ukraina Prezidenti.

Kiyev rasmiylari Rossiya kuchlari Ukrainaga qarshi so‘nggi zarbalarni Belarusdan boshlaganini aytmoqda. Bu mamlakat armiyasi doimiy ravishda Ukraina chegaralari yaqinida manevrlar o‘tkazyapti va shu bilan Ukraina Qurolli Kuchlari e’tiborini Rossiya qo‘shinlari bilan jang qilib, chalg‘ityapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing