Qozog‘istonda qo‘lga olingan namoyishchilar 5 mingdan oshdi
Olam
−
09 yanvar 2022
10461Qozog‘istonda namoyishlarda ishtirok etib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan 134 kishi izolyator kameralariga joylashtirildi. Umumiy qo‘lga olinganlar 5135 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 516 nafari ma’muriy qamoqqa olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati televideniye orqali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tartibsizliklar paytida 7 ta qurol do‘koni talon-taroj qilingan, u yerda jinoyatchilar qurol va o‘q-dorilarni egallab olgan.
5 yanvar kuni Olma-otaning barcha hududlaridan 20 mingga yaqin odam maydon markaziga kelib, hokimlik binosini egallab olgan. Katta olomonning hujumi ostida politsiya orqaga chekinishga majbur bo‘lgan.
Shuningdek, 800 ga yaqin jinoyatchi xalqaro aeroportni egallab olgan. Namoyishchilar o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish uchun radiostansiyalardan foydalangan
Boshqa hududlarda:
• 6 va 7 yanvar kunlari Taraz va Toldiqo‘rg‘onda bir necha bor qurolli hujumga urinish va o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanayotgan tergov izolyatorlarini egallashga urinish bo‘lgan;
• Olma-ota, Jambil, Qizilo‘rda viloyatlari va Chimkent politsiya bo‘limlariga ko‘plab hujumlar sodir etilgan;
• Mudofaa vazirligining harbiy qismlari va nazorat-o‘tkazish punktlariga qurol-yarog‘ va harbiy texnikani egallab olish maqsadida hujum qilishga urinishlar qayd etilgan;
• 400 dan ortiq avtomobil, jumladan, 346 ta ichki ishlar organlari avtomobiliga shikast yetgan va vayron qilingan;
• 100 dan ortiq yirik savdo va bank ob’ektlari talonchilar tomonidan talon-taroj qilingan.
Alohida ta’kidlanishicha, jinoyatchilar hokimiyat obro‘siga putur yetkazish uchun politsiya va harbiy xizmatchilar kiyimida o‘zlarini yashirgan.
Chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtida Qozog‘istondan avtomobil va piyoda chiqib ketishga uringan 300 ga yaqin shaxs qo‘lga olingan. Ulardan qurol-yarog‘ va o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlar olib qo‘yilgan.
“Mamlakatda huquq va tartibni tiklashga qaratilgan aksilterror operatsiyasi davom etmoqda. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida vaziyat barqarorlashdi”, deydi IIV rasmiysi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi