Qozog‘istonda antiterror harakatlar qachongacha davom etadi? To‘qayev javob berdi
Olam
−
07 yanvar 2022
14339Qozog‘istonda terrorga qarshi harakatlar jangarilar to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom ettirilishi kerak. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 7 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda gapirdi.
Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda mamlakatdagi tezkor vaziyat, antiterror operatsiyasining borishi, hududlardagi vaziyat muhokama qilingan.
“Antiterror operatsiyasi boshlandi. Huquqni muhofaza qilish organlari qizg‘in ishlamoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida asosan konstitutsiyaviy tuzum tiklandi. Mahalliy hokimiyat idoralari vaziyatni nazorat qilmoqda. Ammo terrorchilar qurol ishlatishda va fuqarolarning mulkiga zarar yetkazishda davom etmoqda. Shu bois, terrorga qarshi harakatlar jangarilar to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom ettirilishi kerak”, degan Qosim-Jomart To‘qayev.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, KXSHT birlashgan tinchlikparvar kontingenti bo‘linmalari tartibni tiklashga yordam berish uchun Qozog‘istonga kela boshlagan. Ushbu kontingent cheklangan vaqtga asosan strategik ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash va himoya qilish funksiyalarini bajarish uchun kelgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 3 mingdan ortiq odam qo‘lga olingan, 26 nafar qurolli jinoyatchi o‘ldirilgan, yana 18 nafar jinoyatchi yaralangan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi