Jo‘loniy Putin bilan kelishib ish qilishga tayyor
Olam
−
17 aprel 2025 6003 3 daqiqa
Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) ikki davlat manfaatlarini o‘zaro hurmat qilish asosida Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qildi. Bu haqda Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bugun, 17 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Bir necha kun oldin Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara Qatarda edi, biz u bilan ko‘p suhbatlashdik. Biz u bilan Rossiya va Suriya o‘rtasidagi strategik xususiyatga ega bo‘lgan va mavjud tarixiy aloqalarni muhokama qildik. U bu hamkorlikni davom ettirishga, o‘zaro hurmat va ikki xalq manfaatlarini hisobga olgan holda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qat’iy qaror qildi”, deydi Amir.
Qatar Amiri arab davlati Suriya mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirishini qo‘shimcha qildi.
“Suriya, shubhasiz, o‘ta og‘ir davrni boshidan kechirmoqda va, albatta, biz Suriyaning yangi rasmiylarining bu davlat hududiy yaxlitligi va suverenitetini ta’minlash bo‘yicha intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deydi u.
Suhbat chog‘ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, o‘z navbatida, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga Suriya xalqiga yordam, jumladan, gumanitar yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qilishni taklif qilgan.
“Biz siz bilan Suriya xalqiga yordam, jumladan, gumanitar yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini ham muhokama qilmoqchimiz. U yerda ham siyosiy, ham xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan sof iqtisodiy xarakterdagi muammolar ko‘p”, deydi Rossiya Prezidenti.
Shuni aytish o‘rinliki, o‘tgan oy Ahmad ash-Shara Rosiyaga qochgan sobiq prezident Bashar Asadning sud jarayonini o‘tkazish uchun Kremldan uni Suriyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab rasmiy talab yubordi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Keyinchalik Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron telefon suhbati yakunida Ahmad ash-Sharani Parijga taklif qildi. 12 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Suriyaning o‘tish davri prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Live
Barchasi