Putin ilk bor Jo‘loniy bilan gaplashdi
Olam
−
12 fevral 9433 2 daqiqa
Bugun, 12 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya rahbari ash-Sharaga oldinda turgan vazifalarni hal etishda muvaffaqiyatlar tilagan.
“Vladimir Putin Ahmad ash-Sharaga Rossiya bilan tarixan do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan Suriya xalqi manfaati yo‘lida mamlakatning yangi rahbariyati oldida turgan muammolarni hal etishda muvaffaqiyatlar tiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Putin Rossiya Suriyadagi vaziyatni yaxshilashga yordam berishda, jumladan, gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishga tayyorligini tasdiqlagan.
“Suriyadagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Vladimir Putin Rossiya Suriyadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, jumladan, uning aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishda yordam berishga tayyorligini tasdiqladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Qolaversa, suhbat davomida savdo-iqtisodiy, ta’lim va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikning bir qator dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan
“Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli kun tartibini ishlab chiqish uchun ushbu turdagi foydali aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Suriya poytaxti Damashq shahrida Rossiya va Suriya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara Rossiya vakillaridan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni talab qilgandi. Damashq vakillari qo‘shimchasiga mamlakatdagi fuqarolar urushida Asadni qo‘llab-quvvatlagan Rossiya tomoniga “tovon to‘lashi” kerakligini bildirgan.
Live
Barchasi