Isroilni Suriyadan olib chiqish kerak – Jo‘loniy
Olam
−
05 fevral 9885 3 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Suriya o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Muhammad al-Jo‘loniy) kecha, 4 fevral kuni Anqarada uchrashdi va Isroilni Suriya janubidagi bufer zonadan olib chiqish va 1974 yilgi kelishuvni amalga oshirish uchun xalqaro bosimning ahamiyatini muhokama qildi. Bu haqda muzokaralardan so‘ng prezidentlar o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida ash-Shara ma’lum qildi.
Shara Prezident Erdo‘g‘anga taklif va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi:
“Suriya xalqi millionlab qochqinlarga eshiklarini ochgan Turkiya davlati va xalqining tarixiy pozitsiyasini hech qachon unutmaydi. Bu hamjihatlik oxirgi yillarda, Suriya va turk qoni ozodlik kurashida aralashib ketgan paytda cho‘qqisiga chiqdi”, dedi u.
Ash-Shara Turkiyaning Suriyaning hozirgi ma’muriyatining siyosiy va iqtisodiy muvaffaqiyatini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari Suriyaning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va xavfsizligi uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, Suriya va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarning kuchli tarixiy ildizlarga ega ekanini va turk ma’muriyati va xalqi duch kelgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanishda davom etganini qayd etdi.
“Shuningdek, biz ushbu munosabatlarni barcha sohalarda chuqur strategik sheriklikka aylantirishga qat’iy qarorimizni tasdiqlaymiz. Bu yo‘nalishda biz gumanitar, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda qo‘shma hamkorlikni boshladik. Shuningdek, biz boshqa muhim strategik masalalar, xususan, mintaqadagi xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikda ishlayapmiz. Bu sa’y-harakatlar Suriya va Turkiya uchun barqaror xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Uchrashuvda Suriyaning mamlakat shimoli-sharqidagi hududiy yaxlitligiga tahdidlar va Isroilni Suriya janubidagi bufer zonadan olib chiqish va 1974 yilgi kelishuvni amalga oshirish uchun xalqaro bosimning ahamiyatini muhokama qildik”, dedi Suriyaning amaldagi rahbari.
Shara qo‘shimcha qildiki, tomonlar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va kelajakdagi rivojlanishni yaxshilash maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va sarmoyaviy sheriklikni, xususan, infratuzilmani tiklash sohasida mustahkamlaydi.
Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Prezident Erdo‘g‘anga yana bir bor minnatdorchilik bildirdi. U Erdo‘g‘anni eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi.
Live
Barchasi