Jo‘loniy BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi (foto)
Olam
−
05 mart
3790Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara (Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan ham mashhur) kecha, 4 mart kuni Misr poytaxti Qohirada Arab Ligasi sammitida ishtirok etgan liderlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda Suriyaning rasmiy axborot agentligi SANA xabar berdi.
Qayd etilishicha, ash-Shara Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta, Yaman Prezidentlik kengashi raisi Rashad al-Alimi, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos va Livan Prezidenti Jozef Aun bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan. Uchrashuvlarda Suriya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Shiboniy ham qatnashgan.
SANA ash-Sharaning muzokaralari tafsilotlarini keltirmadi.
Falastinning rasmiy axborot agentligi WAFA'ning xabar berishicha, Abbos va ash-Shara Qohirada sammit chaqirilishiga sabab bo‘lgan Falastin masalasini muhokama qilgan.
Ta’kidlash joiz, Ahmad ash-Shara kecha, 4 mart kuni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi raisligida Falastin Davlati iltimosiga binoan chaqirilgan favqulodda arab sammitida ishtirok etdi. Sammit ishtirokchilari Misr tomonidan tayyorlangan G‘azoni qayta qurish rejasi va yakuniy deklaratsiyani bir ovozdan qabul qildi, shuningdek, Isroilning Suriyaga bostirib kirishini qoralab, BMT Xavfsizlik kengashini respublikaga qarshi tajovuzni to‘xtatishga majbur qilishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) joriy yil 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Ahmad ash-Shara endi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy taklifiga binoan yaqin haftalarda Parijga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Suriya o‘tish davri prezidentini Bakuga taklif qildi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




