Jonson Ukraina sabab lavozimidan ajrab qolishi mumkinligini aytdi

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson hukumat a’zolari katta iqtisodiy xarajatlar tufayli Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga qaror qilsalar, iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u BBC'ga bergan intervyusida aytdi.

“Agar men [vaziyat] o‘ta murakkablashgani va ukrainaliklarni erkinlik uchun qahramonona kurashida qo‘llab-quvvatlash narxi inflyatsiya va [Britaniya] iqtisodiyotiga zarar nuqtai nazaridan juda yuqori bo‘lgani uchun Ukrainadan voz kechish tanlovi qarshisida qolsam, bu bahsda yon berib, ketgan bo‘lardim”, degan Jonson.

Avvalroq, iyun oyi boshida Britaniya aholisining yarmidan ko‘pi Bosh vazir Boris Jonsonning iste’fosini so‘ragan edi. Opinium o‘tkazgan so‘rovda esa  59 foiz respondent Konservatorlar partiyasidan bo‘lgan deputatlar Jonsonning iste’fosi uchun ovoz berishi kerak, deb hisoblashi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, bir qator Britaniya ommaviy axborot vositalarida Jonsonning COVID-19 pandemiyasi tufayli karantin joriy qilingan vaqtda bazmlar o‘tkazgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinganidan keyin uni iste’foga chiqishiga chaqiriqlar qayta-qayta yangradi. 

Siyosatchi karantin choralarini buzganlikda ayblanib, unga nisbatan tergov boshlandi. Jonson qonunni buzganlikda aybdor deb topilgan bo‘lsa-da, u faqat jarima to‘lash bilan cheklanib, iste’foga chiqmadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

8

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing