Jahannam dunyoga tahdid solmoqda – BMT rasmiysi

Olam

image

Ukrainada davom etayotgan urush va don eksportining blokadasi tufayli jahannam dunyoga tahdid solmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi direktori Devid Bisli Efiopiya poytaxti Addis-Abebadagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar berdi “The Guardian”.

“Dunyo Ukraina va Rossiyadan bug‘doy eksportiga qaram bo‘lgan mamlakatlarni beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan “qo‘rqinchli” taqchillikka duch kelmoqda. Ukraina inqirozidan oldin ham biz COVID-19 va yoqilg‘i narxining oshishi sababli misli ko‘rilmagan global oziq-ovqat inqiroziga duch kelgan edik. Keyin biz bundan ham battar bo‘lishi mumkin emas deb o‘yladik, ammo bu urush halokatliroq bo‘ldi”, deydi Devid Bisli.

BMT vakilining ta’kidlashicha, Ukrainada har yili 400 million kishini boqadigan oziq-ovqat ishlab chiqariladi. Dunyoda yetishtiriladigan kungaboqar yog‘ining 42 foizi, makkajo‘xorining 16 foizi, bug‘doyning 9 foizi aynan mazkur mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Somali bug‘doyni Ukraina va Rossiyadan import qiladi, Misr esa g‘allaning 80 foizini shu ikki davlatdan oladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus, iqlim va Ukrainadagi inqiroz tufayli so‘nggi besh yil ichida ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 650 milliondan 810 millionga ko‘paygan. Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxi oshgani sababli o‘nlab mamlakatlarda norozilik namoyishlari, tartibsizliklar va ocharchilik avj olishi mumkin.

"Biz allaqachon Shri-Lankadagi tartibsizliklarni, Tunis, Pokiston va Peruda norozilik namoyishlarini ko‘rmoqdamiz va Burkina-Faso, Mali, Chad kabi joylarda beqarorlik sodir bo‘lmoqda. Bu faqat kelajakning belgisidir”, deydi Bisli. 

Ukraina Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiyaning Qora dengiz portlarini bloklagani sababli odatda eksport qilinadigan 20 million tonnadan ortiq don mamlakatda to‘planib qolganini aytdi. Yevropa yetakchilari, jumladan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyani g‘alla eksportiga ruxsat berish uchun Ukrainaning asosiy porti bo‘lmish Odessa blokadasini yumshatishga chaqirdi.

Bisli esa dunyoning eng boy odamlariga boyliklarini ko‘proq global ochlik bilan kurashishga sarflashini maslahat berdi, shu bilan birga Vladimir Putinni Odessani ochishga chaqirdi.

“Bu juda va juda qo‘rqinchli vaqt. Agar biz zudlik bilan javob bermasak, yer yuzida do‘zaxga duch kelamiz. Bizning hozir qila oladigan eng yaxshi ishimiz bu Rossiya va Ukrainadagi la’nati urushni tugatish va portni ochishdir”, deya ta’kidladi Devid Bisli.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT ochlik Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosыin

Baholaganlar

136

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing