Jakarta Tokioni ortda qoldirib, eng zich shaharga aylandi
Olam
−
27 noyabr 2025 4405 2 daqiqa
BMTning yangi metodologiya asosida tayyorlagan so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, Jakarta dunyodagi eng zich aholi yashaydigan shahar sifatida qayd etildi. Bu haqda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy departamenti hisobotida keltirildi.
Departament e’lon qilgan “Jahon urbanizatsiyasi istiqbollari – 2025” hisobotida keltirilishicha, Indoneziya poytaxtida bugungi kunda 42 million kishi istiqomat qiladi. Bangladesh poytaxti Dakka 37 million aholi bilan ikkinchi zich shaharga aylandi. Tokio esa 33 million aholisi bilan uchinchi o‘ringa tushdi.
2018 yilgi hisobotda Tokio dunyoning eng yirik megapolisiga aylangan edi. Yangi reytingdagi farq shaharlar tuzilmasini belgilashda qo‘llanilgan mezonlarning o‘zgargani bilan izohlanadi.
BMT demografi Patrik Gerlandga ko‘ra, ilgari turli davlatlarning o‘ziga xos ta’riflari sabab Tokio ustuvor ko‘rinishda bo‘lgan. Endilikda barcha megapolislar bir xil aholi va geografik mezonlar asosida baholanmoqda.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Li Junxianing aytishicha, urbanizatsiya zamonaviy davrning eng muhim jarayonlaridan biri bo‘lib, u to‘g‘ri boshqarilgan taqdirda iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy tenglikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hisobotda qayd etilishicha, 1950 yildan beri shaharlarda aholi ikki baravar oshgan. Bugungi kunda dunyodagi 8,2 milliard aholining qariyb yarmi shaharlarda yashaydi. 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich uchdan ikki qismga yetishi prognoz qilinmoqda.
Dunyodagi eng yirik 10 shahar orasidan to‘qqiztasi Osiyo qit’asida joylashgan. Masalan, Jakarta, Dakka, Tokio, Yangi Dehli, Shanxay, Guanchjou, Qohira, Manila, Kalkutta va Seul.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eng ko‘p aholi qaysi hududda yashashi haqida xabar berilgandi. 2025 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 mln 069 ming 116 kishini tashkil etgan. Hududlar kesimida Samarqand viloyati – 4 360 070 kishi bilan eng ko‘p aholili viloyat sifatida qayd etilgan.
Live
Barchasi