Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik 40 foizga oshdi – BMT
Olam
−
26 noyabr 2557 2 daqiqa
Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik so‘nggi ikki yil ichida 40 foizga oshgan, 14,2 million ayol gumanitar yordamga muhtoj. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) ma’lum qildi.
Kecha, 25 noyabr kuni e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Afg‘onistondagi 14,2 million (deyarli barcha) ayollar yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj.
“Afg‘on ayollari huquqlarining poymol bo‘lishi oqibatida kundalik, jismoniy, psixologik va iqtisodiy tahdidlargacha bo‘lgan misli ko‘rilmagan zo‘ravonlikka duch kelmoqda”, deyiladi UNAMA hisobotida.
UNAMA vakolatxonasi rahbari va BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili o‘rinbosari Jorjette Gagnon afg‘on ayollarining ahvoli haqida shunday dedi:
“Afg‘on ayollari uchun zo‘ravonlik shunchaki ko‘rinadigan yoki eshitiladigan narsa emas, balki ularning ovozini o‘chirish, kelajagi uchun eshiklarni yopish va huquqlarini rad etishdir”.
BMT o‘z hisobotida afg‘on ayollari bilan birdamlikni tiklashga va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun sarmoyani ko‘paytirishga chaqirdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” 2021 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, afg‘on ayollari va qizlari uchun ko‘plab cheklovlar qo‘ydi. Hozirda Afg‘oniston qizlarning oltinchi sinfdan keyin ta’lim olish imkoniyatini cheklagan dunyodagi yagona davlat sanaladi.
Bundan tashqari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari fikricha, “Tolibon” so‘nggi 4 yil ichida 50 dan ortiq qat’iy farmonlarni amalga oshirib, afg‘on ayollari va qizlarini ijtimoiy hayotdan chetlashtirgan.
Komila Qobilova
Live
Barchasi