Kuniga 137 ayol yaqinlari tomonidan o‘ldiriladi – BMT

Bu qiziq

image

2024 yilda dunyo bo‘ylab 83 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan. Deyarli har 10 daqiqada, ya’ni har kuni o‘rtacha 137 nafar ayol yoki qiz turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda BMT Ayollar tashkiloti tomonidan Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni munosabati bilan kecha, 24 noyabr kuni e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, o‘ldirilgan ayol va qizlarning 60 foizi (50 ming nafari) ular bilan birga yashagan erkaklar yoki oila a’zolari tomonidan o‘ldirilgan. Taqqoslash uchun: erkaklarga qarshi qotilliklarning atigi 11 foizi oila yoki turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etiladi.

BMT Ayollar Dasturi siyosat direktori Sara Xendriksning aytishicha, femitsid – ayollarni gender asosida qasddan o‘ldirish – to‘satdan sodir bo‘lmaydi.

“Bu holatlar ko‘pincha ta’qib, kuzatuv, tahdid yoki onlayn zo‘ravonlik bilan boshlanib, vaqt o‘tishi bilan jismoniy zo‘ravonlikka va oxir-oqibat qotillikka aylanadi”, deydi u.

Shuningdek, hisobotda Afrikada eng ko‘p ayollar qurbon bo‘lishi qayd etilgan. Afrikadagi har 100 ming ayolga 3 ta o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinni Amerika egallagan.

Bu borada Germaniya ham o‘z statistikasini ochiqladi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda zo‘ravonlik oqibatida 308 nafar ayol va qiz halok bo‘lgan. Ulardan 191 holatda jinoyatchi turmush o‘rtog‘i, sobiq sherigi yoki oila a’zosi bo‘lgani aniqlangan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2024 yilning uch oyida ayollarga 10 mingdan ziyod himoya orderi berilgan. 2024 yilning birinchi choragida 4477 kishi oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

BMT Ayollar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing