Jeenbekov O‘zbekiston bilan chegaradagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image
Jeenbekov O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradagi mojarolar haqida gapirdi north_east

Jeenbekov O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradagi mojarolar haqida gapirdi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 18 avgust kuni Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Akram Madumarov bilan onlayn-muloqot qilib, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh Botken viloyatidagi vaziyat xususida suhbatlashdi. 

Botken Qirg‘izistonning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u 1999 yilda O‘sh viloyati tarkibidan ajralib chiqqan va viloyat maqomini olgan. Viloyat hududida 3 tuman, 4 shahar, 5 shaharcha va 189 qishloq, 30 ovul hukumati mavjud. Viloyat markazi Botken shahri.

Viloyat janubi-g‘arbiy va shimoli-g‘arbida Tojikiston, shimolida O‘zbekiston, sharqida O‘sh viloyati bilan tutashgan. Viloyat hududida boshqa davlatlarga tegishli bir qancha anklavlar mavjud. Maydoni 17, 0 ming km2 yoki respublika hududining 8,5% ni tashkil qiladi. Aholisi 401,3 ming kishi. Bu yerda asosan qirg‘iz, o‘zbek, tojik va turk millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.

Oxirgi vaqtlarda Botken Qirg‘izistonning eng mojaroli hududlaridan biri bo‘lib turibdi. Bir necha bor Tojikiston bilan chegara hududida aholi va chegarachilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi, qon to‘kildi. 

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati So‘x tumani Chashma qishlog‘i aholisi va Qadamjoy tumanidagi Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida ro‘y bergan to‘qnashuv esa murosa yo‘li bilan hal etildi.

Prezident Jeenbekov Bosh vazir o‘rinbosari bilan muloqotda koronavirus pandemiyasi va chegaralararo hamkorlikni rivojlantirish kontekstida mamlakatning chegara xavfsizligini ta’minlash choralari, shuningdek, Botken viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.  

Bosh vazir o‘rinbosari Akram Madumarov ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan. 

Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda davlat chegarasi uchastkalarida turli xil noxush hodisalarning oldini olish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

Onlayn-muloqotda yaqin kunlarda o‘zbek va tojik tomonlari bilan Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgani aytilgan. 

Prezident Sooronbay Jeenbekov koronavirus pandemiyasi sharoitida qirg‘iz-o‘zbek va qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini kuchaytirish muhimligini ta’kidlagan.  

U qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun xalq diplomatiyasi usullaridan keng foydalanish muhimligini ta’kidlagan. 

Davlat rahbari aholisi qiyin ahvolda yashayotgan Botken viloyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini aytgan. 

U byudjet tanqisligiga qaramay, Botken viloyatini rivojlantirish bo‘yicha barcha dasturlarni rejalashtirilgan moliyalashtirish to‘liq hajmda davom etishini urg‘ulagan. 

“Botken viloyatiga alohida e’tibor berish kerak. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sug‘orish inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, maktablar, shifoxonalar, yo‘llar, tibbiyot muassasalari, logistika markazlarini qurish bo‘yicha barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning amalga oshirilishiga xalaqit bermaslik kerak”, deydi Prezident Sooronbay Jeenbekov.

O‘zbekiston tarafi esa allaqachon Botken bilan chegaradosh So‘x tumanini rivojlantirish bo‘yicha harakatni boshlab yuborgan. 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Joriy yilning 12 avgust kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov yani So‘x tumaniga borib, aholi vakillari, tumani faollari bilan uchrashdi

Prezident qarori bilan belgilangan Davlat dasturida O‘zbekiston – Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyalar uchrashuvlarida Davlat chegaralari delimitatsiya masalasini hal etish, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidan Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi So‘x tumaniga avtomobil yo‘lini ochish masalasini va Qirg‘iziston hududidagi yaylovlardan foydalanish masalasini ko‘rib chiqish belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 avgust kuni Sooronbay Jeenbekov ham Botken viloyatiga tashrif buyurib, chegarachilar bilan suhbatlashgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov So'x tumani Botkent viloyati

Baholaganlar

214

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing