Jeenbekov O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradagi mojarolar haqida gapirdi
Intervyu
−
09 avgust 2020
27715Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov “Birinchi radio”siga intervyu berib, unda chegaradagi chojarolar, Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida kelib chiqqan nizo, shuningdek, Tojikiston va va O‘zbekiston bilan chegaralarning delimitatsiya va demarkatsiya qilinishi xususida gapirdi.
“Chegara masalasini hal qilishda, avvalo, mamlakatimiz manfaatlarini hisobga olish kerak. Har bir davlat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydi”, deb gap boshlaydi Jeenbekov.
Joriy yilning 31 may kuni So‘x tumanining Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergandi. To‘qnashuv ortiqcha talafotlarsiz barham topdi.
Prezident Jeenbkov Tojikiston bilan chegara masalasini hal qilish haqida gapirarkan, bu ro‘yxatga O‘zbekistonni ham qo‘shadi.
“Hozirda qo‘shni Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegarani aniqlashtirish ishlari davom etmoqda. Hukumatlararo ishchi guruhlar doimiy aloqada bo‘lib, ish olib bormoqdalar.
Ish yaxshi rivojlanayotgan edi, ammo koronavirus pandemiyasi uni to‘xtatib qo‘ydi. Biz ushbu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz. Ayniqsa, qirg‘iz-tojik chegara hududlari masalasi juda muhim”, deydi Prezident.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 976 kilometrlik chegara mavjud bo‘lib, shundan faqat 504 kilometri bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Muammoli Vorux qishlog‘i borasida ham murosaga kelinmagan. Belgilab olinmagan hududlarda yer, suv, chegarani noqonuniy kesib o‘tish va etnik to‘qnashuvlar kuzatiladi. Nizolar vaqtida tosh bilan bir-biriga hujum qilish ba’zan esa o‘qotar qurollardan foydalanib otishmalar sodir etish holatlari kuzatiladi.
Joriy yilning o‘zida ikki mamlakat aholisi va chegarachilarining bir-biriga qurol o‘qtalgani bilan bog‘liq uchta holat haqida ma’lumot berildi.
8 may kuni kechqurun Botken viloyatining Chek mintaqasida Chek uchastkasining 50 gektar maydonidan foydalanish masalasida Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaradosh mintaqalari aholisi o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. Mojaro davomida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari bir-birlariga tosh otganlar.
Shundan so‘ng, “jang“ga tojik askarlari qo‘shilgan va kutilmaganda qirg‘iz chegarachilari va fuqarolar tomon qarata o‘t ochishgan. Otishma paytida Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatining uch xodimi va bir fuqarosi turli darajada jarohat olgan.
24 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana ikki davlat harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Vorux anklavi aholisi Botken viloyati Botken tumani Mo‘ynoq qishlog‘i hududida chorva mollarini boqishga uringan. Qirg‘iziston chegara xizmati bunga qarshilik qilgan, oqibatda tojik tomonida noma’lum shaxs o‘t ochgan.
6 avgust kuni soat 05:00 atrofida Botken viloyatida qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi.
Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, to‘qnashuv natijasida bir fuqaro halok bo‘lgan.
Qirg‘iziston rahbari so‘zida davom etarkan, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan munosabatlariga ham baho berdi.
“Hurmatli tojik hamkasbim Imomali Rahmon bilan qayerda uchrashsak, har doim chegara masalasini muhokama qilamiz.
Ba’zi bir siljishlar bor, lekin yuqorida aytib o‘tilganidek, muammo haligacha hal qilinmagan. Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tushunish mavjud.
Ba’zida chegaradagi keskinliklar ichki muammolar tufayli kuchayadi. Shuning uchun mahalliy hokimiyatlar aholi bilan faol ish olib bormoqda”, deydi Jeenbekov.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilinmoqda.
Dasturda O‘zbekiston – Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyalar uchrashuvlarida Davlat chegaralari delimitatsiya masalasini hal etish, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidan Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi So‘x tumaniga avtomobil yo‘lini ochish va Qirg‘iziston hududidagi yaylovlardan foydalanish masalasini ko‘rib chiqish belgilandi.
Jeenbekov ham O‘zbekistonga chegaradosh Botken viloyatidagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun hudud sharoitini yaxshilash kerak degan fikrda.
“Hukumat tarkibiga chegara masalalari bilan shug‘ullanadigan bosh vazir o‘rinbosari kiradi. Akrom Qambaraliyevich Qadamjoy viloyatining hokimi bo‘lgan, Botken viloyatidagi vakolatli shaxs edi, u bu muammoni yaxshi biladi.
Keskinlikni kamaytirish uchun chegaradosh qishloqlar va hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Botken mening diqqat markazimda.
Biz yo‘llarni ta’mirlashga, maktablar, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari va boshqa ijtimoiy ob’ektlarni qurishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.
Byudjet taqchilligi va hozirgi murakkab vaziyat sharoitida ham biz bu ishni to‘xtatmaymiz. Ammo chegara masalasi, yuqorida aytib o‘tilganidek, bir tomonlama hal etilmaydi. Bu mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan beri paydo bo‘lgan savol. Biz bu ishni muloqot orqali davom ettiramiz va aminmanki, masala hal qilinadi”, deydi Prezident.
LiveBarchasi