Jeenbekov mamlakatning yangi Bosh vaziri va parlament spikeri bilan uchrashib, nasihat qildi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 14 oktyabr kuni Jo‘qorg‘u Kenesh Spikeri Kanat Isayev va parlament tomonidan mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlangan Sadir Japarov bilan uchrashdi. 

Davlat rahbari ularni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, ishlarida muvaffaqiyatlar tilagan va faoliyati bilan jamiyat hamda mamlakatga foyda keltirishiga umid bildirgan. 

Prezidentning ta’kidlashicha, bugun mamlakat oldida koronavirus infeksiyasining pandemiyasining ikkinchi to‘lqini uchun tayyorgarlik, shuningdek, kuz-qish mavsumini o‘tash masalalari turibdi. 

Shuningdek, u qisqa muddatli rejalarni ishlab chiqishdan tashqari, mamlakatni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan uzoq muddatli dasturlarni, shu jumladan iqtisodiyotni tiklash, investitsiyalarni jalb qilish, davlatning ijtimoiy majburiyatlari va boshqalar haqida so‘z yuritgan.  

Prezident Sooronbay Jeenbekov mamlakat barqarorligi va taraqqiyoti uchun tomonlar bilan har doim muloqotga tayyorligini ta’kidlagan. 

Bugun, 14 oktyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Keneshi deputatlari uchinchi marta Sadir Japarov nomzodini mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarov nomzodini iste’foga chiqqan Bosh vazir Kubatbek Boronov o‘rniga tasdiqlagandi. Biroq u vaqtlarda bu tayinlovni tasdiqlovchi Prezident Sooronbay Jeenbekov qayerda ekani noma’lum bo‘lib qolgandi. Keyinroq bu lavozimga da’vogarlar ham ko‘paydi.

10 oktyabr kuni deputatlar Sadir Japarov nomzodini yana Bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. Biroq bu safar parlament yig‘ilishi kerakli tartibda o‘tkazilmagani va undagi qarorlar qonuniy kuchga ega emasligi sababli, tayinlov amalga oshmagandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat Kanat Isaev

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing