Zelenskiyning tanqididan so‘ng Shols tilga kirdi
Olam
−
14 iyun 2022
22917Germaniya Ukrainaga harbiy yordamni kengaytiradi va qo‘shimcha qurollar yetkazib beradi. Bu haqda mamlakat kansleri Olaf Shols ma’lum qildi, deya xabar berdi “Interfaks”.
“Biz qo‘llab-quvvatlashimizni sezilarli darajada kengaytirmoqdamiz. Xususan, Ukrainani zamonaviy raketaga qarshi mudofaa tizimi va artilleriyani aniqlash uchun radar bilan ta’minlaymiz”, deydi Shols.
Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Shols Germaniya Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishdan bosh tortmoqchi emasligini va yangi yetkazib berishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi.
Uning eslatishicha, Germaniya allaqachon Ukrainaga raketaga qarshi qurollar, bronetransportyorlar va o‘q-dorilar yetkazib bergan. Bundan tashqari, Germaniya parlamenti mamlakatning “Gepard” o‘ziyurar zenit qurilmalari va PzH 2000 (nemischa Panzerhaubitze 2000) o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini yetkazib berishga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, Ukrainaning turli darajadagi rasmiylari Germaniyani Kiyevga va’da qilingan qurollarni kechiktirayotgani uchun tobora ko‘proq tanqid qilmoqda. May oyi oxirida Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik Olaf Sholsni yetakchilik yetishmasligida va Ukraina manfaatlariga e’tiborsizlikda ayblagandi.
Keyinchalik u Shols “aslida og‘ir qurollarni yetkazib berishni xohlamasligini va shunchaki o‘t ochishni to‘xtatishni kutayotgan bo‘lishi mumkinligini” aytdi.
Bundan tashqari, Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi bo‘yicha Berlinning pozitsiyasini aniq belgilashi kerakligini bildirgandi.
Ma’lumot uchun, Olaf Shols Italiya Bosh vaziri Mario Dragi va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda 16 iyun kuni Ukrainaga tashrif buyurishi mumkin. Ammo uning o‘zi bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi