Zelenskiy Yaponiyani Osiyo mamlakatlarini Rossiyaga qarshi birlashtirishga chaqirdi 

Olam

image

Xalqaro institutlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Ukraina inqirozini hal qilishda “ishlamadi”. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiya Parlamentiga qilgan murojaatida ta’kidladi. 

“Ko‘ryapsiz, xalqaro institutlar ishlamadi. Hatto, BMT va Xavfsizlik Kengashi ham – ular nima qila oladi? Ularning o‘zi islohotga muhtoj”, degan Zelenskiy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilotlar “faol bo‘lish, haqiqatda qaror qabul qilish va faqatgina muzokaralar olib borish uchun emas, balki haqiqatan ham ta’sirchanlik xususiyatiga ega bo‘lish uchun halollik in’eksiyasini talab qiladi”. 

Shuningdek, Zelenskiy Yaponiya Parlamentiga qilgan murojaatida Tokioni Rossiya bilan savdoga embargo (taqiq) joriy etishga chaqirgan. 

“Siz Osiyoda birinchi bo‘lib tinchlikni tiklash uchun Rossiyaga bosim o‘tkazdingiz va Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatladingiz. Men sizni bu ishni davom ettirishga, Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqiraman. Rossiya Federatsiyasi bilan savdoga embargo kerak, kompaniyalarni Rossiya bozoridan olib chiqish kerak”, degan Zelenskiy. 

Ma’lumot o‘rnida, Yaponiyada dastlab majlislar zalida Ukraina Prezidenti nutqini namoyish etish rejalashtirilgan, buning uchun zalga katta ekran o‘rnatish zarur bo‘lgan. Biroq, bunday o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch kelingani sababli, Parlamentning majlislar zalida translyatsiya qilishga qaror qilingan. Zelenskiy AQSH Kongressidagi nutqida Rossiyaning harakatlarini 11 sentyabrda AQSHda yuz bergan terakt va Yaponiya armiyasining Perl Harborga hujumi bilan taqqoslashi ortidan shunday qarorga kelingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

15

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing