Zelenskiy va Putin uchrashuvi: Kreml nimani kutayotganini ma’lum qildi
Olam
−
30 aprel 2021
7684Haligacha Rossiya Federatsiyasiga Ukrainadan Prezidentlar Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘yicha taklif kelib tushmagan. Kreml aniq tashabbuslar rasmiy yoki ish tartibida bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.
"Hech bo‘lmaganda ish tartibida yoki rasmiy ravishda bizga aniq takliflar aytilishi kerak. Hozircha esa hech narsa yo‘q - na kun tartibida, na boshqa narsada", deya qayd etgan Peskov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva "ba’zi bir aniq takliflar olinishini kutmoqda".
Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vatikanni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun ideal joy deb bilishi haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy harakatlar ketayotgan Donbassda uchrashishga taklif qilgandi.
Putin bunga javoban har qanday qulay vaqtda ikki tomonlama munosabatlarni Moskvada muhokama qilishga tayyorligini e’lon qilgandi.
Keyinchalik, Ukrainaning sobiq Prezidenti, Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasining amaldagi rahbari Leonid Kravchuk Zelenskiy Moskvaga bormasligini aytgandi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabat sovuqlashib bormoqda. Bunga bir tomondan Ukrainaning NATO harbiy blokiga qo‘shilish yo‘lidagi harakatlari, ikkinchi tomondan esa Rossiyaning bevosita Ukraina bilan chegarasiga 100 mingdan oshiq qo‘shin to‘plagani sabab bo‘lmoqda.