Zelenskiy Moskvaga bormaydi – Ukrainaning birinchi Prezidenti
Olam
−
23 aprel 2021
8983Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning o‘zaro muzokaralari hech qanday vaziyatda ham Moskvada o‘tkazilmaydi. Bu Ukrainaning sobiq Prezidenti, Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasining amaldagi rahbari Leonid Kravchuk aytib o‘tdi.
“Ukraina Prezidenti Donbassdagi mojarolar masalasini hal qilish bo‘yicha, hech qachon Moskvaga bormaydi. Agar Putinda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yuzasidan global miqyosida muzokara o‘tkazish g‘oyasi bo‘lsa, u holda ushbu muzokaralar faqat betaraf davlatda o‘tkazilishi mumkin”, deydi Kravchuk.
Kravchuk ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarga Finlyandiya va Shveysariya mezbonlik qilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Shuningdek, siyosatchi Donbassning Ukraina tomonidan nazorat qilinmaydigan hududi ham uchrashuv joyiga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Zelenskiy Donbassdagi uchrashuv Ukrainaning nazorati ostidagi hududda bo‘lishi zarurligini aytmagan. Uchrashuv Donbassning istalgan joyida, ya’ni Donetsk, Lugansk yoki ushbu ikki viloyatning Ukraina tomonidan nazorat qilinmaydigan alohida tumanlarida xam bo‘lishi mumkin”, degan Leonid Kravchuk.
Avvalroq, Vladimir Zelenskiy Vladimir Putinni Donbassda uchrashishga taklif qilgani xaqida xabar bergandik. Keyinroq, ushbu taklifga javoban Rossiya Prezidenti har qanday qulay vaqtda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama munosabatlarni Moskvada muhokama qilishga tayyor ekanini e’lon qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Leonid Kravchuk Ukrainaning birinchi Prezidenti hisoblanadi. U 1991-1994 yillar oralig‘ida mamlakatga rahbarlik qilgan.
Sardor To‘lanboyev
LiveBarchasi