Zelenskiy Putinga Donbassning urush bo‘layotgan joyida uchrashishni taklif qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni Donbassda uchrashishga taklif qildi. Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida joylashtirilgan videomurojaatida tegishli taklif bilan chiqqan.

Davlat rahbari 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Normandiya to‘rtligi siyosiy maslahatchilarining uchrashuvida vaziyatni iloji boricha ko‘rish va tushunish uchun Donbassdagi aloqa liniyasida uchrashish taklifi ilgari surilganini ta’kidladi.

“Men nimani tushunishim kerak? Hamma narsani mukammal tushunaman, har oy Donbassga boraman. Janob Putin, men bundan ham uzoqroqqa borish va sizni urush davom etayotgan Ukrainaning Donbassidagi istalgan joyda uchrashishga taklif qilaman”, deydi Zelenskiy.

Unga ko‘ra, Ukraina va Rossiya o‘rtasida urush bo‘lgan taqdirda, millionlab odamlar hayoti haqida gap boradi va oxir-oqibat ikkala tomon ham yutqazadi. Shuningdek, Ukraina Prezidenti “tankda tinchlik o‘rnatish mumkin emas”, deya qo‘shimcha qildi.

Zelenskiyning aytishicha, Ukraina va Rossiya umumiy o‘tmishiga qaramay, “kelajakka boshqacha qarashadi”.

“Biz bizmiz. Siz sizsiz. Ammo bu, albatta, muammo emas, balki imkoniyatdir. Hech bo‘lmaganda kelajakdagi harbiy yo‘qotishlarning o‘lik matematikasini to‘xtatish uchun juda kech bo‘lmasdan imkoniyat”, deya o‘z nutqini yakunladi Prezident.

Donbassdagi vaziyat

Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Buning oqibatda shu vaqtga qadar 13 ming kishi halok bo‘lgan. 

Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  

Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan. Biroq, xabarlarga ko‘ra, ularni Rossiya qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Qayta avj olgan harbiy harakatlar

Joriy yilning mart oyida Donbassdagi vaziyat yana keskinlasha boshladi. Bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon qilgan harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Zelenskiy harbiy tutashuv chizig‘iga borib, mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan.

O‘z navbatida Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Donbassdagi mojaroni hal qilmasligini ta’kidlagan. Boshqacha pozitsiya tutgan davlatlar ham yo‘q emas. Xususan, Turkiya va AQSH Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishini yoqlamoqda.

Keyinchalik,Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini Ukraina chegaralaridan olib chiqishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

229

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing