Zelenskiy dubulg‘a va o‘q o‘tkazmaydigan nimcha kiyib, Donbassdagi harbiylar xandag‘iga tushdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donbassda vaziyat keskinlashgan bir davrda harbiy tutashuv chizig‘iga bordi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Prezident Zelenskiy ishchi safari chog‘ida mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan. 

“Odamlarning tinchligini saqlab, yerimizni himoya qilayotganingiz uchun sizga tashakkur aytaman. Siz qahramonlik va fidoyilikning haqiqiy namunasisiz. Biz davlatimizni himoya qilgan holda halok bo‘lgan hech bir askarni unutmaymiz”, deydi Zelenskiy.

Prezident Administratsiyasi tomonidan e’lon qilingan fotosuratlarda Zelenskiy dubulg‘a va o‘q o‘tkazmaydigan nimcha kiyib, xandaqqa tushib, harbiylar bilan muloqot qilayotgani aks etgan.

Zelenskiy Donbassga harbiy tutashuv chizig‘ida vaziyat og‘irlashgan bir paytda keldi. YeXHT monitoring missiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2-5 aprel kunlari Ukraina va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk Xalq Respublikasi o‘rtasidagi harbiy tutashuv chizig‘ida 1400 dan ortiq, Lugansk bilan harbiy tutashuv chizig‘ida esa 126 dan ortiq qoidabuzarliklar qayd etilgan. Bu Donbassda 2020 yilning 22 iyulida sulh o‘rnatilganidan beri yuz bergan eng jiddiy eskalatsiyadir. 

Avvalroq, OAVda Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegara hududlariga yo‘naltirayotgani  haqida xabarlar tarqalgan edi. Xususan, “The New York Times” gazetasi Rossiya u yerga 4 ming kishilik qo‘shinni joylashtirgani haqida yozgandi. 

Bundan tashqari, Ukraina Qurolli Kuchlarining Bosh qo‘mondoni Ruslan Xomchakning ta’kidlashicha, 30 martga qadar Rossiya armiyasining 28 ta batalon-taktik guruhlari chegara bo‘ylab joylashtirilgan. Zelenskiy ushbu xabarlarga izoh berib, Rossiyani “mushaklar o‘yinida” aybladi.

O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov g‘arbiy OAVda tarqalyotgan keskin ayblovlarga javoban Rossiya armiyasi rahbariyati lozim deb topgan mamlakatning istalgan nuqtasiga joylashishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Donbass Zelenskiy

Baholaganlar

192

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing