Erdo‘g‘an Ukrainaning NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi

Olam

image

Avvalroq, Ukraina Prezident Vladimir Zelenskiy Turkiyaga tashrif buyurib, Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.

Tashrif davomida Prezidentlar raisligida Turkiya-Ukraina oliy darajadagi hamkorlik kengashining to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha davlat rahbarlari 20 punktdan iborat deklaratsiya imzoladi.

Qayd etilishicha, Turkiya va Ukraina Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an hamda Vladimir Zelenskiy Ukrainaning NATOga a’zoligini qo‘llab-quvvatlagan.

“Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish istiqbollarini, xususan uning yaqin kelajakda a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasiga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilindi”, deyiladi hujjatda.

Tomonlar iqtisodiyot, savdo, sayyohlik, xavfsizlik, mudofaa sanoati, ilm-fan, ta’lim va yoshlar sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib olgan. Bundan tashqari, terrorizm, separatizm va ekstremizmning barcha shakl va ko‘rinishiga qarshi kurashda o‘zaro aloqalarni kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Tomonlar transmilliy jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik vositalari, qurol-yarog‘ va odam savdosining oldini olishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olgan. Bitimlardan biri “ekstraditsiya bo‘yicha so‘rovlarni tezkor ko‘rib chiqish”ni ta’minlashga tegishli.

Kiyev va Anqara ikki tomonlama va ko‘p tomonlama mexanizmlar, shu jumladan NATO doirasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Qora dengiz mintaqasidagi o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagan. Tomonlar, shuningdek, erkin savdo shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni yakunlash bo‘yicha ishlarni tezlashtirishga qaror qilgan.

NATO tomon talpinayotgan Kiyev 

Donbassda harbiy harakatlarning keskinlashuvi fonida Ukraina NATOga qo‘shilish masalasini ko‘tardi. 5 va 6 aprel kunlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Buyuk Britaniya va Kanada Bosh vazirlari Boris Jonson va Jastin Tryudo bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

O‘z navbatida, AQSH, Buyuk Britaniya, Latviya va endilikda Turkiya ham Ukrainaning NATOga qo‘shilishi ma’qullagan bo‘lsa, Rossiya esa aksincha, buni salbiy baholamoqda.

“Ukrainaning NATOga qo‘shilishi mamlakatning ichki muammolarini qandaydir tarzda hal qilishiga yordam berishiga shubha qilamiz. Bu Donbassdagi vaziyatni faqat og‘irlashtirishi mumkin”, degan edi Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing