Putin Zelenskiyning urush o‘chog‘ida uchrashish taklifiga javob qaytardi
Olam
−
22 aprel 2021
24732Kecha, 21 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy harakatlar ketayotgan Donbassda uchrashishga taklif qilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 22 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin har qanday qulay vaqtda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama munosabatlarni Moskvada muhokama qilishga tayyorligini e’lon qildi. Bu haqda TASS yozmoqda.
Putinga ko‘ra, Kiyev so‘nggi paytlarda Moskva bilan munosabatlarni buzadigan ko‘plab qadamlarni tashlagan, ammo agar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy munosabatlarni tiklashni boshlamoqchi bo‘lsa, Rossiya buni ma’qullaydi.
“So‘nggi paytlarda Ukrainaning hozirgi rahbariyati Rossiya-Ukraina munosabatlarini buzadigan ko‘plab qadamlarni tashladi”, deydi Putin.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Donbass muammosini hal qilish uchun Ukraina rahbariyati avval Donetsk va Lugansk xalq respublikalari bilan, shundan keyingina Rossiya bilan aloqaga chiqishi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabat sovuqlashib bormoqda. Bunga bir tomondan Ukrainaning NATO harbiy blokiga qo‘shilish yo‘lidagi harakatlari, ikkinchi tomondan esa Rossiyaning bevosita Ukraina bilan chegarasiga 100 mingdan oshiq qo‘shin to‘plagani sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan Donetsk va Lugansk bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarning jadallashib qolgani ham Moskva-Kiyev munosabatlariga salbiy ta’sir qilmoqda.
LiveBarchasi