Erdo‘g‘an Zelenskiy bilan yuzma-yuz gaplashib oldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga mamlakatning vaqtincha bosib olingan hududida Rossiya tomonidan yirik hajmdagi don o‘g‘irlanishi haqida gapirib berdi. Bu haqda Zelenskiyning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Lvov shahriga tashrif buyurishi Ukrainaning shunday qudratli davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolatdir”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari uchrashuv chog‘ida g‘alla tashabbusini yanada rivojlantirish imkoniyatlari, Rossiyaning Zaporoje atom elektr stansiyasidagi yadroviy shantajini muhokama qilgan. 

Shuningdek, mudofaa sohasidagi hamkorlik masalalari haqida ham suhbatlashgan. 

“Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududida Rossiya tomonidan yirik hajmdagi don o‘g‘irlanishini ham muhokama qildik. Ishonchim komilki, Ukraina va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning yanada kengayishi ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Zelenskiy va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuv yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan va ikki soatdan ko‘proq vaqt davom etgan.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 18 avgust kuni Lvov shahriga bordi. Safarda unga Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Do‘nmez, Milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Vahit Kirishi, Savdo vaziri Mehmet Mush, Milliy razvedka boshqarmasi rahbari Hakan Fidan, Prezident ma’muriyati bilan aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Fahrettin Altun, Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin, Prezident ma’muriyati mudofaa sanoati bo‘limi rahbari Ismoil Demir, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rasmiy vakili Umar Chelik va “Baykar Makina” bosh direktori Haluk Bayraktar hahrohlik qilmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

24

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing