Zelenskiy umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy umumiy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Ukraina Prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan.

Farmonga ko‘ra, umumiy safarbarlik Vinnitsa, Volin, Dnepropetrovsk, Donetsk, Jitomir, Zakarpat, Zaporoje, Ivano-Frankivsk, Kiyev, Kirovograd viloyatlari va Lvov, Nikolayev, Odessa, Poltava, Rivne, Sumi, Ternopil, Xarkov, Xerson, Xmelnitskiy, Cherkasi, Chernivsi, Kiyev shaharlarida o‘tkaziladi.

Safarbarlik Rossiyaning harbiy bosqini bilan izohlangan. Farmon kuchga kirgan kundan boshlab 90 kun ichida uni Ukrainaning barcha hududlarida o‘tkazish topshirildi.

Harbiy xizmatga majburlar, zaxiradagilar Ukraina Qurolli Kuchlari, Milliy gvardiya, Xavfsizlik xizmati, Davlat chegara xizmati va mamlakatning boshqa harbiy tuzilmalariga chaqiriladi.

Transportni chaqirish va jalb qilish safarbarlik rejalarida belgilangan hajmlarda amalga oshiriladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

202

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing