Zelenskiy o‘ldirilgan taqdirda reja tuzib qo‘yilganini aytdi
Olam
−
24 may 2022
22121Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy vafot etgan taqdirda mamlakat favqulodda vaziyatda yetakchisidan mahrum bo‘lmasligi uchun reja tuzib qo‘yilgandi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.
Davosdagi Ukraina uyiga yig‘ilganlarga videoaloqa orqali murojaat qilgan Zelenskiy, qonunchilikda bunday ssenariylar ko‘rsatilganini eslatgan.
“Biz tayyorlangandik va bo‘lingandik men, Bosh vazir hamda parlament rahbari bo‘lindik. Bizda parlamentli-prezidentlik respublikasidir. Agar biror yo‘qotish bo‘lsa, biz bu jarayonga tayyor bo‘lishimizni kerakligini tushundik. Vazirlar Mahkamasini ikki qismga bo‘ldik, toki mamlakatni bunday natijalardan ham himoya qilish mumkin bo‘lsin”, degan Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti uning hayotiga tahdid davom etayotganini tan oldi.
“Ammo men hozircha tirikman va bu gologramma emas, men siz bilan haqiqatan ham gaplashyapman”, deb hazillashgan u.
Aprel oyi boshida Ukraina Prezidenti devoni vakillari Rossiya bosqinining boshidan beri Vladimir Zelenskiyga o‘ndan ortiq suiqasd uyushtirilganini aytgan edi.
“Bizning qo‘riqchilarimiz ushbu masalalarni va bu yerga ov qilish uchun kelgan muammoli elementlarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanyapti”, degan Zelenskiyning o‘zi Rossiya OAVlariga bergan intervyusida.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov fransuz telekanaliga bergan intervyusida, Rossiya Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirganmi yoki yo‘qmi degan savolga javob berar ekan, “bu haqiqat emas” degan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi