Zelenskiy Ukrainaning kunlik yo‘qotishlari bir necha baravar kamayganini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainaning janglarda kunlik yo‘qotishlari so‘nggi paytlarda bir necha baravar kamaydi. Bunday ma’lumotni Prezident Vladimir Zelenskiy “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi har kuni 30 ga yaqin kishini yo‘qotmoqda va 250 ga yaqin kishi jarohat olyapti. U Ukraina urush boshlanganidan beri qancha odamni yo‘qotgani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan.

Zelenskiy shuningdek, bosib olingan hududlar qaytarilmasdan Rossiya bilan sulh tuzish imkoniyatini ham rad etgan.

“Bu kit, ikkita viloyatni yeb, endi: “Keling, mojaroni muzlatib qo‘yaylik”, deyapti. Keyin ikki-uch yil dam oladi, yana ikki viloyatni yeb-ichadi va yana: “Keling, mojaroni muzlatib qo‘yaylik”, deydi. Va shunday davom etaveradi. Yuz foiz”, degan Ukraina Prezidenti.

1 iyun kuni Zelenskiy har kuni jang maydonida 60-100 nafar ukraina askari halok bo‘layotganini aytgandi. 10 kundan keyin uning maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina armiyasining yo‘qotishlari kuniga taxminan 100 dan 200 kishigacha ekanini aytgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing