Zelenskiy Ukraina urushda qancha askarini yo‘qotganini aytdi

Olam

image

Rossiyaga qarshi kurashayotgan Ukraina urush boshlangandan beri 1300 nafar atrofida harbiylarini yo‘qotdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Bizdan  taxminan 1 300 nafar harbiy halok bo‘ldi”, degan Zelenskiy.

Rossiya Mudofa vazirligi 11 mart holatiga ko‘ra, 3,2 mingdan ortiq harbiy infratuzilma ob’ektlari, shuningdek, 98 ta samolyot, 1041 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikalar, 113 ta yalpi reaktiv raketa tizimi va 118 ta dron yo‘q qilinganini bildirdi.

Shu bilan birga RF Mudofaa vazirligi o‘zining yo‘qotishlari haqida bir marta, 2 mart kuni ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, operatsiya davomida 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, 1597 nafari yaralangan. Rossiya harbiy departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, 2870 dan ortiq ukrain askari halok bo‘lgan va 3700 ga yaqini yaralangan.

Avvalroq Zelenskiy Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari haqida ham ma’lumot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 16 kunlik urush davomida ruslarning 31 ta batalon-taktik guruhi jangovar samaradorligini yo‘qotgan, 360 dan ortiq tank, 1205 ta zirhli texnika, 60 ga yaqin samolyot va 80 ta vertolyot yo‘q qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing