Zelenskiy uchta aholi punkti Rossiyadan qaytib olinganini e’lon qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 4 sentyabr kuni kechki murojaatida Ukraina armiyasining o‘tgan hafta boshlangan qarshi hujumidagi muvaffaqiyatini qayd etdi.

Zelenskiy ukrain harbiylariga Donetsk viloyati sharqidagi aholi punkti ozod qilingani, Lisichansk-Severskiy yo‘nalishida “alohida balandliklar” qo‘lga kiritilgani va mamlakat janubidagi ikkita aholi punkti ozod etilgani uchun minnatdorlik bildirgan.

“Bugun men Donetsk viloyatida natijani ta’minlagan 103-hududiy mudofaa brigadasining 63-bataloni askarlariga minnatdorlik bildirmoqchiman – aholi punkti ozod qilindi. Lisichansk-Seversk yo‘nalishidagi 54-brigada ham yaxshi qadamlar qo‘ydi, oldinga siljidi, ma’lum balandliklarni egalladi. 42-alohida motoo‘qchi batalonini ham ta’kidlamoqchiman – uning qahramonona harakatlari tufayli davlatimiz janubidagi ikkita aholi punkti ozod qilindi”, deydi Zelenskiy.

Zelenskiy bu hududlar qayerda va ular Rossiya armiyasidan qachon qaytarib olinganiga aniqlik kiritmagan, lekin 4 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda harbiy qo‘mondonlik va razvedka boshlig‘idan “yaxshi hisobotlar” olganini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing