Zelenskiy rus askarlariga murojaat qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik askarlarga murojaat qilib, agar ular Ukraina hududini tark etsa, tirik qolish imkoniyati borligini aytdi. Bu haqda u Prezidentning Telegram-kanalida e’lon qilingan videomurojaatida aytib o‘tgan.

Zelenskiy rus askarlariga rus tilida murojaat qilgan: 

“Rossiya askarlari! Sizda omon qolish imkoningiz bor. Qariyb ikki haftalik qarshiliklarimiz sizlarga taslim bo‘lmasligimizni ko‘rsatdi. Chunki bu bizning uyimiz, bu bizning oilamiz va bolalarimiz! Biz barcha yerlarimizni qaytarib, o‘ldirilgan odamlarimiz uchun javob bermagunimizcha kurashamiz. O‘ldirilgan bolalarimiz uchun. Siz hali ham qutulishingiz mumkin. Agar ketsangiz”.

U rossiyalik askarlarni o‘z qo‘mondonlariga ishonmaslikka chaqirgan.

“Qo‘mondonlaringiz Ukrainada hali ham imkoniyatingiz borligini aytishsa, ishonmang. Bu yerda sizni hech narsa kutmaydi. Asirlikdan va o‘limdan tashqari. Siz bizning jonimizni olib, o‘zingiznikini berasiz. Va biz bilamizki, sizning qo‘mondonlaringiz hamma narsani tushunishadi. Biz bu urushni tugatishimiz kerak. Biz tinchlikka qaytishimiz kerak. Uylarimizni tark eting, o‘z joyingizga boring”, degan Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing