Zelenskiy Rossiyaning rejasi amalga oshmaganini aytdi

Olam

image

Ukrainaga hujum qilgan rus armiyasi rejalashtirilgan chiziqlarga yetib borolmadi va 10 000 askarini yo‘qotdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy videomurojaatida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Ukrinform”.

“Biz bosqinchilarga ular eng yomon tushlarida ham ko‘rmagan yo‘qotishlarni beryapmiz. Rossiya armiyasi rejalashtirilgan chiziqlarga yetib bormadi, lekin deyarli 10 000 rus askarini yo‘qotdi... Bular 18-20 yoshli yigitlar, juda yosh, deyarli bolalar, nima qilayotgani va nima uchun ketayotgani, nega boshqa davlat yerida ekani ham tushuntirilmagan. Rossiya o‘z xalqiga o‘limdan boshqa narsani berishi mumkin edi”, degan Zelenskiy.

Prezident Zelenskiy Ukraina Qurolli Kuchlari mudofaaning barcha asosiy yo‘nalishlarini egallab turganini ta’kidladi.

“Ular Xarkov yaqinida bosqinchilarga qarshi hujumga o‘tmoqda, shaharni himoya qilmoqda. Ular Nikolayev, Kiyev, Chernigov, Sumi, Donbassni saqlab qolishyapti”, degan Zelenskiy.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

100

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing