Zelenskiy Rossiyaga o‘z xatosidan keladigan zararni kamaytirishni maslahat berdi
Olam
−
19 mart 2022
12819Rossiya Federatsiyasi bilan Ukraina xavfsizligi bo‘yicha mazmunli, halol va shoshilinch muzokaralar RFga o‘z xatolaridan zararni kamaytirish uchun yagona imkoniyatdir. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
"Ukraina xavfsizligi mazmunli, halol va kechiktirishlarsiz tinchlik muzokaralari Rossiyaga o‘z xatolaridan zararni kamaytirish uchun yagona imkoniyatdir.
Biz doimo muzokaralar olib borishni talab qilib kelganmiz. Biz doimo muloqotni taklif qilganmiz, tinchlik uchun yechimlar taklif qilganmiz. Faqat bosqinning 23 kunida emas.
Va men hozir hamma meni eshitishini xohlayman, ayniqsa Moskvada. Uchrashuv vaqti keldi. Gapirish vaqti keldi. Ukraina uchun hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash vaqti keldi. Aks holda, Rossiyaning yo‘qotishlari shunday bo‘ladiki, hatto bir necha avlodlar ham sizning yuksalishingiz uchun yetarli bo‘lmaydi”, degan Zelenskiy.
Ma’lumot uchun, kecha, 18 mart kuni Ukraina bilan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Moskva va Kiyev Ukrainaning neytral maqomi, uning NATOga qo‘shilmasligi borasida “pozitsiyalarini iloji boricha yaqinlashtirishganini” aytgandi.
Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarda qatnashayotgan Ukraina delegatsiyasi a’zosi, Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Rossiya tomonining muzokaralar haqidagi bayonotlari ommaviy axborot vositalarida keskinlikni qo‘zg‘atishga qaratilgan. Unga ko‘ra, Ukraina pozitsiyalari o‘zgarmadi – o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish va aniq formulalar bilan ishonchli xavfsizlik kafolatlari.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi