Zelenskiy Rossiya Ukrainaning qancha maydonini egallab olganini ochiqladi
Olam
−
02 iyun 2022
17901Rossiya qo‘shinlari hozirda Ukraina hududining deyarli 20 foizini nazorat qilmoqda, ammo keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukraina mudofaa kuchlari 1017 ta aholi punktini ozod qildi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy Lyuksemburg siyosatchilari va xalqiga murojaatida ma’lum qildi, deb yozadi “Ukrinform”.
“Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi 3620 ta aholi punktiga kirdi. Ulardan 1017 tasi ozod qilingan, yana 2603 tasi ozod etilishi kerak. Bugungi kunga kelib, bizning hududimizning qariyb 20 foizi bosqinchilar nazorati ostida, deyarli 125 ming kvadrat kilometr – bu Benilyuksning barcha mamlakatlari umumiy maydonidan ancha ko‘p”, deydi davlat rahbari.
Shu bilan birga, u sakkiz yil oldin Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganini va 2014 yildan joriy yilning 24 fevraliga qadar bosqinchilik harakatlari natijasida deyarli 43 ming kvadrat kilometr hududni nazorat qilganini eslatdi. Bular – Qrim va Donetsk va Lugansk viloyatlarining uchdan bir qismi.
Shuningdek, Prezidentning ma’lum qilishicha, bugungi kunda 300 ming kvadrat kilometr Ukraina hududi portlamagan minalar va snaryadlar bilan to‘lib-toshgan.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, 12 million ukrainalik o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, 5 milliondan ortiq kishi, jumladan, asosan ayollar va bolalar chet elga ketgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi