Zelenskiy “Rosatom”ga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi
Olam
−
29 avgust 2022
4497Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning “Rosatom” atom energetikasi davlat korporatsiyasiga qarshi xalqaro sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.
Ukraina rahbari Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi vaziyatga izoh berar ekan, Rossiyani “yadroviy shantaj”ga urinishda aybladi.
Bundan tashqari, davlat rahbari yana rossiyaliklarga Shengen vizalarini berishni to‘xtatish tarafdori bo‘ldi.
“Viza olish va Rossiya fuqarolarining Yevropada dam olishi odatiy hol emas”, deydi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi Yevropa kompaniyalarining Rossiya bozorini tark etishdan bosh tortishi ham "g‘ayritabiiy".
Ukraina Prezidenti Moskvani boshqa davlatlar, jumladan, Ukrainaga bosim o‘tkazish uchun gazdan foydalanish niyatidalikda aybladi.
“Energiya bozorlarida narxlarning sun’iy ravishda oshishi kuzatilmoqda, bunga Rossiya aybdor. Moskva Yevropani qo‘rqitmoqchi. Rossiya Federatsiyasida iqtisodiy terror bor”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Rosatom” atom energiyasi davlat korporatsiyasi – 400 dan ortiq atom sanoati korxonalarini birlashtirgan Rossiya davlat xoldingi. Rosatom tarkibiga Rossiyadagi barcha fuqarolik yadro kompaniyalari, yadroviy qurol kompleksi korxonalari, tadqiqot tashkilotlari, shuningdek, yadro muz parchalash floti kiradi. “Rosatom” Rossiya atom elektr stansiyalarini boshqaradi.
Davlat korporatsiyasi jahon atom sanoatida yetakchilardan biri bo‘lib, uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi va ishlab chiqarish bo‘yicha beshinchi, atom energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi, uranni boyitish xizmatlari bo‘yicha jahon bozorining 40 foizini va yadro yoqilg‘isi bozorining 16,3 foizini nazorat qiladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi