Zelenskiy Makron bilan qariyb bir yarim soat telefonda “dardlashdi”

Olam

image

Bugun, 16 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali Zaporoje atom elektr stansiyasidagi vaziyat hamda Kiyevga moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Twitter sahifasida xabar bergan. 

“Men Emmanuel Makron bilan muloqotni davom ettirdim. Fransiyaga muhim mudofaa yordami uchun minnatdorlik bildirdim. Biz Ukrainaga makromoliyaviy yordamni kupaytirish va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi muammolarni muhokama qildik”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti Makronga jangovar harakatlar borishi va Zaporoje atom elektr stansiyasidagi vaziyat haqida ham ma’lumot bergan. 

Yelisey saroyi Matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlarining suhbati bir soat-u 20 daqiqa davom etgan.

Ma’lumot uchun, Makronning Zelenskiy bilan avvalgi suhbati 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda tomonlar g‘alla eksporti, Kiyevga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatilishini muhokama qilgan edi. 

Keyinroq Zelenskiy Makrondan Yevropa davlatlaridan makromoliyaviy yordamni kuchaytirishda ko‘mak so‘raganini qayd etdi. 

Ma’lumot uchun, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Kiyevga zarur bo‘lgan vaqtgacha qurol yetkazib berishni davom ettirish niyatida ekani haqida xabar bergan edik.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishni almashtirishni boshlagan. Misol uchun, may oyining oxirida Birlashgan Arab Amirliklari ikki yillik tanaffusdan so‘ng Yevropaga neft yetkazib berishni tikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

5

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing