Zelenskiy Lisichansk Rossiya nazoratiga o‘tganini tasdiqladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi qo‘mondonligi qo‘shinlarini Lisichanskdan olib chiqqanini tasdiqladi. 

"Biz devorlarni tiklaymiz, yerni qaytarib olamiz, eng muhimi odamlarni himoya qilish kerak. Va agar armiya qo‘mondonligi odamlarni dushman eng katta olov ustunligiga ega bo‘lgan frontning ma’lum nuqtalaridan olib ketsa, bu Lisichanskga tegishli bo‘lsa, bu faqat bitta narsani anglatadi - zamonaviy qurol-yarog‘lar ta’minotini ko‘paytirib, taktikamiz tufayli qaytamiz”, deydi Prezident o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan murojaatida. 

Kecha, 3 iyul  kuni Kiyevda Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanes bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Zelenskiy Lisichansk yaqinida janglar ketayotgani, hozircha shahar Rossiya nazorati ostida ekanligi haqida aniq aytish imkoni yo‘qligini aytgandi. 

Kecha Ukraina Bosh shtabi Lisichansk uchun og‘ir janglardan so‘ng Ukraina armiyasi o‘z pozitsiyalari va saflaridan chekinishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Bosh shtabda ta’kidlanganidek, Lisichansk mudofaasini davom ettirish rus qo‘shinlarining shaxsiy tarkib va qurol-yarog‘dagi "ko‘p ustunligi" tufayli "halokatli oqibatlarga" olib keladi. 

3 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Lisichansk shahri (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.) Lugansk xalq respublikasi nazorati ostiga olingani haqida hisobot berdi. Mudofaa vazirligida ta’kidlanganidek, RF Qurolli Kuchlari va LXR xalq militsiyasi shahar va yaqin atrofdagi bir qancha aholi punktlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi, ularning eng yiriklari Belogorovka, Novodruzjesk, Maloryazansevo va Belaya Gora.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing