Zelenskiy Kiyevda AQSH delegatsiyasini qabul qildi 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 1 may kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi bilan uchrashdi. Prezidentning Telegram kanalidagi xabarga ko‘ra, uchrashuv Kiyevda bo‘lib o‘tgan. 

Zelenskiy Pelosi va Amerika delegatsiyasini Bankova ko‘chasidagi Prezident idorasi oldida kutib olgan. Keyin ular muzokaralar uchun binoga kirgan. 

Bu AQSH rasmiy delegatsiyasining Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri Ukrainaga birinchi tashrifidir. 

Zelenskiy AQSH Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi ekanligini ta’kidlagan. U AQSHga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishda yordam bergani uchun minnatdorlik bildirgan. 

“Men Amerika Qo‘shma Shtatlari, xalq, Kongress tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlash signali uchun sizdan minnatdorman. Bu signalni men Prezident sifatida, shuningdek, bizning jamoamiz va Ukraina xalqi yuqori baholaymiz. Bu shuni ko‘rsatadiki, Qo‘shma Shtatlar bugun Rossiya Federatsiyasining agressiyasiga qarshi urushda Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi hisoblanadi”, degan Zelenskiy. 

O‘z navbatida, Pelosi Prezidentga AQSH Kongressi va xalqining salomini yetkazgan, shuningdek, Ukrainaga kurash uchun minnatdorlik bildirgan va AQSH bu kurash tugamaguncha Ukraina bilan bo‘lishini ta’kidlagan. 

Zelenskiy Ukraina-Amerika davlatlararo hamkorligini mustahkamlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi, suveren, mustaqil va demokratik Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun Pelosini malika Olga ordeni bilan taqdirlagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

27

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing